Eldor Shomurodov FIFAga O‘zbekiston terma jamoasining JCH—2026dagi rejalari haqida gapirib berdi
Yanvar 14, 2026. 14:16 • 2 daq
• 10
BERLIN, 14-yanvar. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov FIFAga bergan eksklyuziv intervyusida jamoaning 2026-yilgi jahon chempionatiga tayyorgarligi va kelajakdagi rejalari haqida gapirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Futbolchi so‘nggi yillarda xalqaro maydonda o‘zbek futboliga qiziqish yuqori ekanini taʼkidlab, O‘zbekistonda sportga, xususan, futbolga bo‘lgan munosabat haqida so‘z yuritgan.
“Bolaligimda terma jamoamiz JCHga chiqa olmaganida muxlislar xavotirga tushganini eslayman. Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Prezidentimizning sportga eʼtibori, yaratilgan sharoitlar tufayli muxlislarning jamoamizga ishonchi ortdi. Futbolchilarimiz Yevropaning eng kuchli klublarida o‘ynay boshlashdi”, deya fikr yuritgan hujumchi.
Eldor Shomurodovning so‘zlariga ko‘ra, JCH—2026 O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Surxondaryo viloyati tarbiyalanuvchisi nafaqat milliy terma jamoaning yetakchi to‘purariga, balki butun mintaqa futboli muvaffaqiyatining ramziga aylandi. Uning Rossiya, Italiya va Turkiyadagi muvaffaqiyatli faoliyati o‘zbek futbolchilarining jahon maydonlaridagi raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston JCH—2026da Portugaliya, Kolumbiya kabi grand jamoalar bilan birga “K” guruhidan joy oldi. Terma jamoa sardori jamoa raqiblardan qo‘rqmasligini va turnirdagi ishtirokini o‘zbek futbolining qudratini butun dunyoga namoyish etish imkoniyati sifatida ko‘rishini taʼkidlagan.
“Vazifamiz — guruhdan chiqish. Biz mamlakat sharafini himoya qilib, O‘zbekiston kuchli jamoa ekanini isbotlamoqchimiz. Kimdir bizni autsayder deb o‘ylashi mumkin, ammo bizning maqsadimiz hammani hayratda qoldirish”, dedi futbolchi.
Sardorning taʼkidlashicha, butun mintaqadan kelgan muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi jamoaga qo‘shimcha masʼuliyat va o‘ziga xos kayfiyat yuklaydi.
“Jahon chempionatidagi ishtirokimiz nafaqat o‘zbekistonlik muxlislarni, balki Markaziy Osiyo futbol muxlislarini ham xursand qilmoqda. Agar munosib o‘yin ko‘rsatsak, o‘zbek futboli butun dunyo bo‘ylab yangi muxlislarni jalb qiladi”, deya qo‘shimcha qildi u.
FIFAning qayd etishicha, O‘zbekiston terma jamoasi dunyoning yetakchi klublaridan biri — “Real” safida to‘p surgan Krishtianu Ronaldu va Xames Rodriges kabi mashhur futbolchilar jamoalariga qarshi munosib kurasha oladi.
Ayni paytda Eldor Shomurodov Istanbulning “Bashakshehir” klubi sharafini himoya qilmoqda. U Turkiya chempionatida 17 ta o‘yinda 12 ta gol urib, to‘purarlar poygasida peshqadamlik qilayapti. Abduqodir Husanov, Abbos Fayzullayev kabi yosh iqtidorlar bilan birga Shimoliy Amerika maydonlarida o‘zbek futbolining yangi sahifasini ochishga tayyor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi