Logo

Dehlida O'zbekistonning III yoshlar Osiyo o'yinlaridagi tarixiy g'alabasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

Noyabr 04, 2025. 14:47 • 2 daq

637
Dehlida O'zbekistonning III yoshlar Osiyo o'yinlaridagi tarixiy g'alabasiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

DEHLI, 4-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Hindistondagi elchixonasi Hindiston Global savdo va texnologiyalar kengashi (Global Trade & Technology Council of India - GTTCI) bilan hamkorlikda mamlakatimiz yosh sportchilarining Bahraynda bo'lib o'tgan III yoshlar Osiyo o'yinlaridagi tarixiy muvaffaqiyatiga bag'ishlangan tantanali kecha tashkil qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir 2025-yil 22-31-oktyabr kunlari o'zbek sporti tarixiga yangi sahifa bitgan yosh sportchilarni sharaflash maydonchasiga aylandi.

O'zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev mamlakatimiz terma jamoasi qo'lga kiritgan natija oddiy raqamlar emas, balki ulkan g'alabaning ifodasi ekaniga alohida e'tibor qaratdi. Yosh sportchilar 37 ta oltin, 16 ta kumush, 28 ta bronza medalini qo'lga kiritib, qit'aning 45 mamlakati vakillari bilan kechgan shiddatli kurashda tarixda birinchi marta umumjamoa hisobida ikkinchi o'rinni egalladi.

«Bu medallarning har biri ortida sportchilarimiz, ularning murabbiy va ustozlarining ulkan mehnati, shuningdek, butun mamlakatning tinimsiz qo'llab-quvvatlovi turibdi. Bu muvaffaqiyat Yangi O'zbekistonning ommaviy va professional sportni keng ko'lamda rivojlantirishga, millat salomatligini mustahkamlashga, yoshlarimiz iste'dodini ochib berishga qaratilgan siyosati samaradorligining eng yaxshi isbotidir», deb urg'uladi diplomat.

Kecha ishtirokchilari ham ushbu so'zlarga qo'shilib, o'zbekistonlik sportchilarni Manamadagi tarixiy g'alabasi bilan tabrikladi va jahon sport jamoatchiligi Bahraynda o'zbekistonlik yangi sport yulduzlari xalqaro maydonga kirib kelganiga guvoh bo'lganini qayd etdi.

Tadbirda O'zbekiston sportchilari qo'lga kiritayotgan yuksak natijalarga Yangi O'zbekistonda so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil yangilanish jarayoni mustahkam asos bo'lib xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi. Zamonaviy sport inshootlarini bunyod qilish, sog'lom turmush tarzini ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash o'z samarasini berib, mamlakatni yangi sport yutuqlari vataniga aylantirmoqda.

Osiyo Olimpiya kengashi IV yoshlar Osiyo o'yinlarini 2029-yilda O'zbekistonda o'tkazishga ishonch bildirgani haqidagi xabar alohida g'urur bag'ishladi. Bugungi kunda Toshkent ushbu keng ko'lamli tadbirga tayyorgarlikni boshlab yuborgani ma'lum qilindi. 2029-yilda Osiyo o'yinlarini O'zbekistonda tashkil etilishi mamlakatning jahon sport maydonidagi obro'si ortib borayotganini e'tirof etish, shuningdek, sport infratuzilmasi, turizm va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun kuchli rag'bat bo'ladi.

Dehlidagi tantanali kecha sportdagi g'alabalar O'zbekiston uchun o'ziga xos tashrif qog'oziga aylanib, uning dunyoda kelajakka intilayotgan yosh, izchil rivojlanayotgan va mehmondo'st davlat sifatidagi ijobiy obro'sini mustahkamlayotganini yaqqol namoyon etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish