“EU Reflect”: TXIF-2026 Markaziy Osiyoda investitsiyaviy muloqotning asosiy platformalaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

Iyun 11, 2026. 18:00 • 2 daq

24
“EU Reflect”: TXIF-2026 Markaziy Osiyoda investitsiyaviy muloqotning asosiy platformalaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

BRYUSSЕL, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “EU Reflect” nashrida Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026)ning Markaziy Osiyodagi yetakchi sarmoyaviy o‘rni va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni ilgari surishdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, 16–18-iyun kunlari O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga dunyoning turli mamlakatlaridan davlat rahbarlari, xalqaro moliya institutlari, yirik kompaniyalar, investitsiya jamg‘armalari va ishbilarmon doira vakillari yig‘iladi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda forum mintaqaviy rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, sarmoyalarni jalb etish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun asosiy platformaga aylangan. O‘zbekiston biznes yuritish va yirik loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, mintaqaviy investitsiya markazi sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab borayotganiga alohida e’tibor qaratilgan.

Maqolada yozilishicha, o‘tgan forum natijalari xalqaro hamjamiyatning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchini namoyon etgan. Qayd etilishicha, TXIF-2025 ishida 97 davlatdan 8 mingdan ortiq delegat ishtirok etgan va imzolangan investitsiya shartnomalarining umumiy qiymati 30,5 milliard dollarni tashkil qilgan.

Materialda forumning amaliy ahamiyati davlat tuzilmalari, xalqaro moliya tashkilotlari, suveren jamg‘armalar va global biznes vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini taqdim etishdan iborat ekani aytilgan. Shu tufayli forum aniq investitsiyaviy yechimlarni ishlab chiqish, sheriklik aloqalarini rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirishga ko‘maklashmoqda.

Nashr, shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumini iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyoning sarmoyaviy imkoniyatlarini kengaytirishning muhim omili deb biladigan xorijiy ekspertlarning fikrlarini ham keltirgan.

“EU Reflect” xulosasida TXIF-2026 O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yuksaltirish, uning xalqaro investitsiya arxitekturasidagi o‘rnini mustahkamlash va jahon kapital bozorlari bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘lishi ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish