O‘zbekiston mutaxassislari Ispaniyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish tajribasini o‘rganadi

Iyun 11, 2026. 15:30 • 3 daq

26
O‘zbekiston mutaxassislari Ispaniyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish tajribasini o‘rganadi

MADRID, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Cadena SER” axborot portalida Palensiya namunali o‘rmonining xalqaro darajasi va uning O‘zbekiston uchun ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, shu yilning 15–17-iyun kunlari Palensiya namunali o‘rmoni O‘zbekiston va Turkiyadan keladigan 14 nafar o‘rmon xo‘jaligi sohasi mutaxassislarini qabul qiladi.

Tashrif BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshiriladi hamda Global ekologik jamg‘arma tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu safar “O‘zbekistonning tog‘ va vodiylarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etilmoqda. 

Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda o‘rmon resurslarini boshqarishning zamonaviy va samarali usullarini joriy etish, sohada xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Nashrda ta’kidlanishicha, Palensiya namunali o‘rmoni barqaror o‘rmon boshqaruvi sohasidagi ilg‘or tajribalari bilan xalqaro miqyosda tan olingan hududlardan biri hisoblanadi. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, o‘rmon resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish jarayoniga davlat idoralari, mahalliy hokimiyatlar, o‘rmon yeri egalari, ilmiy muassasalar hamda fuqarolik jamiyati vakillari keng jalb qilingan. Aynan shu ko‘p tomonlama boshqaruv modeli hududni xalqaro darajada namunaviy loyiha sifatida e’tirof etilishiga zamin yaratgan.

Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston O‘rmon agentligining rahbar va mas’ul xodimlari, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari, Bosh prokuraturaning ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasi bo‘yicha vakillari hamda Turkiyaning xalqaro konsalting tashkilotlari ekspertlari o‘rin olgan. 

Tashrif davomida ishtirokchilar o‘rmonlarni barqaror boshqarish bo‘yicha amaliy jarayonlar bilan bevosita tanishadi, sohada qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlarni o‘rganadi va ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llash mumkin bo‘lgan mexanizmlar va hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Xalqaro namunali o‘rmonlar tarmog‘i dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidagi 60 dan ziyod namunali o‘rmonlarni birlashtirib, 70 million gektardan ortiq hududni qamrab olgan. Palensiyaning ushbu tarmoq tarkibiga kiritilishi uning barqaror boshqaruv modeli, manfaatdor tomonlar ishtirokini ta’minlash borasidagi tajribasi va qishloq hududlarini kompleks rivojlantirishga qaratilgan yondashuvi xalqaro darajada e’tirof etilganini anglatadi.

O‘zbekiston–Turkiya delegatsiyasining mazkur tashrifi mamlakatimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan bir paytda, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va uni milliy sharoitga moslashtirish o‘rmon xo‘jaligi sohasini yanada samarali rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu ma’noda, Palensiya namunali o‘rmoniga amalga oshirilayotgan tashrif nafaqat tajriba almashish, balki O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasida barqaror o‘rmon boshqaruvi sohasida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, yangi loyihalarni shakllantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish