2030-yilgi mundialda 64 ta terma jamoa ishtirok etishi mumkin

Iyul 13, 2026. 18:30 • 2 daq

75
2030-yilgi mundialda 64 ta terma jamoa ishtirok etishi mumkin

SYURIX, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. FIFA prezidenti Janni Infantino 2030-yildan boshlab jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 ta terma jamoagacha oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “ESPN” kanali maʼlumotiga tayanib.

“Jahon chempionati – bu butun dunyo musobaqasi. Shu bois, ushbu musobaqa faqat Yevropa yoki Janubiy Amerika uchun emas, balki barcha mamlakatlarga qatnashish imkoniyati yaratishi lozim”, – degan Janni Infantino.

FIFA rahbarining maʼlum qilishicha, dunyoning turli mintaqalarida milliy terma jamoalar saviyasi tobora yuksalib bormoqda. Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatining cheklangani futboli rivojlanayotgan mamlakatlarning yana-da taraqqiy etishga bo‘lgan intilishini susaytirishi mumkin.

Janni Infantinoning mazkur bayonoti ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o‘tkazilgan jahon chempionati yakunlangan vaqtda yangradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqa yuqori raqobat muhiti va kutilmagan natijalari bilan kutilganidan ham muvaffaqiyatli o‘tgan.

Mutaxassislar ishtirokchilar sonini 64 taga yetkazishning ijobiy tomonlari sifatida guruh bosqichini yana-da soddalashtirish va avval jahon chempionatiga kamdan-kam yo‘llanma olgan mamlakatlar terma jamoalari uchun imkoniyatlarni kengaytirishni qayd etmoqda. Shu bilan birga, futbol ekspertlari o‘yinchilarga tushadigan yuklama ortishi, uchrashuvlar soni ko‘payishi hamda musobaqa nufuziga taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

64 ta jamoa ishtirok etadigan formatda guruh bosqichidagi o‘yinlar soni 72 tadan 96 tagacha oshishi mumkin. Bu esa ko‘proq stadionlar va keng qamrovli infratuzilmani talab etadi.

Eslatib o‘tamiz, FIFA avval ham jahon chempionati ishtirokchilari sonini bosqichma-bosqich kengaytirgan. Xususan, 1982 yilda jamoalar soni 16 tadan 24 taga, 1998 yilda 32 taga, 2026 yildan esa 48 taga yetgan.

Ushbu chempionat o‘yinlarida tomoshabinlar tashrifi bilan bog‘liq ayrim savollar ham paydo bo‘ldi. Xususan, Lionel Messi ishtirok etganiga qaramay, Argentina va Shveysariya terma jamoalari o‘rtasidagi chorak final bahsida AQSHdagi “Arrowhead” stadionida ko‘plab bo‘sh o‘rinlar qolgan.

Shuningdek, Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi musobaqani erta tark etgach, chorak final o‘yinlari uchun ikkilamchi bozorda chiptalar narxi 2 950 dollardan taxminan 1 200 dollargacha arzonlagan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish