JCH-2026: Chorak finalga Yevropadan 6 ta, Afrika va Janubiy Amerikadan bittadan jamoa yo‘l oldi
Iyul 08, 2026. 11:00 • 2 daq
• 212TOSHKENT, 8-iyul /“Dunyo” AA/. 2026-yilgi Jahon chempionatida nimchorak final bahslari yakuniga yetib, chorak finalga chiqqan jamoalar nomi maʼlum bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nimchorak final bahslari murosasiz o‘yinlarga boy bo‘ldi. Deyarli har bir juftlikda keskin kurash kechdi. Fransiya Paragvayni minimal hisobda (1:0) yengdi. Norvegiya sensatsiya qayd etib, Braziliyani musobaqadan chiqarib yubordi (2:1). Angliya Meksikani 3:2 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Belgiya AQSH ustidan yirik – 4:1 hisobida ustun keldi.
Amaldagi jahon chempioni Argentina esa Misrga qarshi uchrashuvda 0:2 hisobida ortda bora turib, irodali o‘yin namoyish etib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Bu safar ham Messi jamoa sardori va yetakchisi ekanini namoyon etib, ushbu jahon chempionatidagi gollari sonini 8 taga yetkazib oldi. Shveysariya va Kolumbiya o‘rtasidagi to‘qnashuvda asosiy va qo‘shimcha vaqtda hisob ochilmadi. Penaltilar seriyasida esa shveysariyaliklarga omad kulib boqdi.
Musobaqaning eng taʼsirli voqealaridan biri – Krishtianu Ronaldoning jahon chempionatlari bilan xayrlashuvi bo‘ldi. Nimchorak finalda Portugaliya Ispaniyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shunday qilib, ketma-ket olti Jahon chempionatida gol urgan Ronaldoning mundiallardagi so‘nggi goli O‘zbekiston darvozasiga urildi.
Chorak finalga Yevropaning olti jamoasi yo‘l oldi: Fransiya, Ispaniya, Belgiya, Norvegiya, Angliya va Shveysariya. Afrikadan faqat Marokash, Janubiy Amerikadan esa amaldagi jahon chempioni Argentina milliy jamoasi qatnashadi.
Chorak final o‘yinlari 10-iyul kuni boshlanadi (o‘yinlar Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan):
Fransiya – Marokash (9-iyuldan 10-iyulga o‘tar kechasi, soat 01:00)
Norvegiya – Angliya (10-iyuldan 11-iyulga o‘tar kechasi, soat 00:00)
Ispaniya – Belgiya (11-iyuldan 12-iyulga o‘tar kechasi, soat 02:00)
Argentina – Shveysariya (11-iyuldan 12-iyulga o‘tar kechasi, soat 06:00).
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



