XOQ Rossiya Olimpiya qo‘mitasi maqomini tikladi va rossiyalik sportchilarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni tavsiya qildi
Iyul 08, 2026. 19:00 • 2 daq
• 106
LOZANNA, 8-iyul. /“Dunyo” AA/. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Rossiya Olimpiya qo‘mitasining (ROQ) huquqiy maqomini tikladi va rossiyalik sportchilarga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni tavsiya etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri tashkilot matbuot xizmatiga tayanib.
Biroq, bu qaror rossiyaliklarning Olimpiya o‘yinlariga davlat bayrog‘i ostida avtomatik tarzda qo‘yilishini anglatmaydi.
ROQ 2023-yil oktyabr oyida Ukrainaning anneksiya qilingan hududlaridagi olimpiya kengashlarini o‘z tarkibiga kiritgani sababli chetlashtirilgan edi. O‘shanda XOQ buni Olimpiya xartiyasi va Ukrainaning hududiy yaxlitligini buzish sifatida baholagan.
XOQ huquqiy masalalar bo‘yicha komissiya o‘tkazgan tahlildan so‘ng qarorni qayta ko‘rib chiqqanini maʼlum qildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, Ukraina Milliy olimpiya qo‘mitasi yurisdiksiyasidagi hududlarda joylashgan sport tashkilotlari endilikda ROQ tarkibida emasligi aniqlangan.
Shu bilan birga, XOQ, agar zarur deb topsa, ROQga nisbatan cheklovlarni qayta joriy etish huquqini o‘zida saqlab qolishini taʼkidladi.
Bundan tashqari, qo‘mita rossiyalik sportchilarning xalqaro musobaqalarda faqat neytral maqomda ishtirok etishini ko‘zda tutuvchi tavsiyalarni bekor qildi. Biroq sportchilar amaldagi antidoping talablariga muvofiqligini tekshirishdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Rossiyalik sportchilarni xalqaro musobaqalar va Olimpiya o‘yinlariga qo‘yish bo‘yicha yakuniy qarorni tegishli xalqaro sport federatsiyalari qabul qiladi. Ularning ayrimlari Rossiya vakillarining ishtirokiga avvalroq ruxsat bergan edi.
Rossiya bayrog‘i, madhiyasi va milliy ramzlaridan foydalanish masalasi hozircha ochiqligicha qolmoqda. Shuningdek, XOQ Rossiyada o‘z tadbirlarini o‘tkazishni yoki ularga rossiyalik rasmiy shaxslarni taklif qilishni rejalashtirmayotganini bildirdi.
Tashkilotning fikricha, qabul qilingan qarorlar 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash davri boshlangani, barcha sportchilar uchun musobaqalarda ishtirok etishga teng imkoniyat yaratish zarurati bilan bog‘liq.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi