“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyat kasb etmoqda

Iyul 07, 2026. 12:00 • 3 daq

64
“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligi strategik ahamiyat kasb etmoqda

MASKAT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘monning nufuzli “Asdaa Oman” gazetasida Yevroosiyoda barqaror transport yo‘nalishlarini rivojlantirishda O‘zbekiston va Belarus hamkorligiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston va Belarus transport-logistika sohasida MDH va SHHT doirasida, shuningdek, boshqa ixtisoslashgan xalqaro tuzilmalar platformalarida faol muloqot olib bormoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi transport aloqalari rivojida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshib, 850 ming tonnaga yetdi. Bugungi kunda Belarus O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari orasida yuk tashish hajmi bo‘yicha kuchli o‘ntalikdan joy olgan.

Nashrda Yevroosiyo makonida Sharq–G‘arb va Shimol–Janub yo‘nalishlari bo‘yicha aralash (multimodal) transport turlaridan foydalangan holda yangi xalqaro yo‘laklarni yaratish strategik ahamiyat kasb etayotganiga eʼtibor qaratilgan.

Xususan, dengiz portlariga chiquvchi muqobil transport marshrutlarini shakllantirish. Bu o‘rinda Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston–Hind okeani portlari xalqaro transport yo‘lagi haqida so‘z bormoqda.

2023-yilda O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston tomonidan poydevori qo‘yilgan ushbu loyihaga 2024-yilda Belarus va Pokiston qo‘shildi. Hozirda Afg‘onistonni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston hududi orqali janubiy yo‘nalishdagi tranzit yuklar hajmi 23 foizga oshib, 1,8 million tonnaga yetgani mazkur yo‘nalishning ulkan imkoniyatlarini namoyon etmoqda.

Shu bilan birga, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash. Belarus transport tarmog‘i uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha kuchli ilmiy maktabga ega. Gomeldagi Belarus davlat transport universiteti va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali mutaxassislar malakasini oshirish, talabalar va tadqiqotchilarning akademik mobilligini taʼminlash, multimodal tashishlar hamda xalqaro logistika yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy izlanishlar olib borish nazarda tutilgan.

Avtotransportda ruxsatnoma hujjatlari almashinuvini raqamlashtirish tizimi ham muhim ahamiyatga ega. Elektron ruxsatnoma blankalarini almashish – “E-permit” tizimini joriy etish muhim amaliy qadam sifatida qayd etilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston ushbu tizimni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy va Turkiya bilan to‘liq yo‘lga qo‘ygan. Mazkur raqamli tizimning Belarus bilan ham joriy etilishi hujjatlar almashinuvida shaffoflikni taʼminlaydi, inson omilini istisno etadi hamda ikki mamlakat o‘rtasida ortib borayotgan avtotransport tashuvlari ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish