Toshkentda I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boshlandi

Iyul 07, 2026. 10:30 • 3 daq

148
Toshkentda I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi boshlandi

TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” nomli I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

7–11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan mazkur forum Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Musulmonlar idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ochilish marosimida 50 dan ortiq davlatdan 300 nafarga yaqin xorijiy mehmon, jumladan, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, taniqli islomshunos olimlar, qo‘lyozma merosi bo‘yicha mutaxassislar, muzeylar, kutubxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident maslahatchisi Hayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Forum ishida ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti Shohin Mustafoyev, shuningdek, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning xalqaro tashkilotlari, ilmiy hamjamiyati hamda ulamolari vakillari qatnashmoqda.

Forum dasturidan 4 ta xalqaro anjuman, 10 ta yalpi majlis, 15 ta yalpi sessiya va 6 ta shoʻba yig‘ilishi o‘rin olgan. Islom sivilizatsiyasi tarixi, hadisshunoslik, kalom ilmi, qo‘lyozma merosni o‘rganish, arxeologiya, muzeyshunoslik, madaniy merosni asrash, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘lmoqda.

Dasturda ICESCO, IRCICA va boshqa xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda tayyorlangan yangi ilmiy nashrlar va qo‘shma loyihalar taqdimotlari alohida o‘rin egallaydi. Shuningdek, xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandumlar va bitimlarni imzolash rejalashtirilgan.

Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar forumning muhim qismi bo‘ladi. Ushbu tadbirlar davomida olimlar hadisshunoslik, islom tafakkuri, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish va madaniy merosni saqlash masalalarini muhokama qiladilar.

Birinchi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mintaqadagi eng yirik xalqaro ilmiy-maʼrifiy maydonlardan biriga aylanishi, gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlashi, tinchlik, ilm-fan, maʼrifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishi, shuningdek, islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va maʼnaviy merosini ommalashtirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish