Rossiya OAV: O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga davlat tashrifi ikki mamlakat strategik sherikligida yangi bosqichni boshlab beradi
Iyul 06, 2026. 11:00 • 2 daq
• 153
MOSKVA, 6-iyul. /“Dunyo” AA Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari – “Nezavisimaya gazeta” va “Vzglyad” nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Nezavisimaya gazeta”ning “300 nafar o‘zbekistonlik ishbilarmon Tbilisi ostonasida” sarlavhali maqolasida Shavkat Mirziyoyevning Tbilisiga tashrifi doirasida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili hamda Bosh vazir Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Maqolada yozilishicha, oliy darajadagi uchrashuvlarda siyosiy muloqot, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo, sanoat, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalari qamrab olingan. Ayniqsa, transport-logistika yo‘nalishi va o‘zbek mahsulotlari eksportini kengaytirish masalalari asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.
Nashrda taʼkidlanishicha, mazkur tashrif 23 yildan so‘ng amalga oshirilgan ilk davlat tashrifi bo‘lib, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi “O‘rta yo‘lak” transport yo‘nalishida O‘zbekistonning mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik qadam sifatida baholanmoqda.
Tashrif arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Gruziya biznes forumida 300 dan ortiq tadbirkor ishtirok etgani, tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etilgan.
Rossiyaning “Vzglyad” nashrida eʼlon qilingan maqolalarda esa O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani yoritilgan. Xususan, Tbilisida ikki davlat yetakchilari tomonidan strategik sheriklikni belgilash bo‘yicha memorandum imzolangani, bu esa ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlangan.
Maqolalarda Gruziya tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvilining ushbu tashrifni “tarixiy” deb baholagani keltirilib, bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni strategik darajaga olib chiqish uchun muhim imkoniyat ekani qayd etilgan.
Shu bilan birga, tomonlar kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish, transport-logistika tizimini rivojlantirish, investitsiyalarni keng jalb qilish va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlarga erishgani taʼkidlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi