«El País» gazetasi: Samarqandda 3 mingdan ortiq kishi ishtirokida eng yirik shaxmat olimpiadasi boshlandi
Sentabr 19, 2026. 14:30 • 2 daq
• 70
MADRID,-19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Samarqandda 204 ta mamlakat va hudud vakillari hamda 3 mingdan ortiq ishtirokchilarni jamlagan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Ispaniyaning «El País» gazetasiga tayanib.
Ochiq turnirda 207 ta jamoa, shu jumladan, O‘zbekistonning uchta terma jamoasi va FIDE tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qochqinlar jamoasi dona surmoqda. Ayollar o‘rtasidagi turnirda esa 191 ta jamoa ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar orasida turli yosh va millat vakillari bo‘lib, ular orasida 12 yoshli argentinalik Faustino Oro, Sent-Vinsent va Grenadinadan 10 yoshli Vedant Shetti, Shri-Lankadan 11 yoshli Sayumi Xalangoda hamda Filippin sharafini himoya qilayotgan 74 yoshli Euxenio Torre bor.
O‘yinchilardan tashqari, Samarqandga hakamlar, jurnalistlar, blogerlar, delegatlar, biznes vakillari va boshqa rasmiy shaxslar ham yig‘ilgan. Bir vaqtning o‘zida imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida uchinchi shaxmat olimpiadasi ham bo‘lib o‘tmoqda.
Ochiq turnirda medallar uchun asosiy kurash AQSH, Hindiston, O‘zbekiston va Xitoy terma jamoalari o‘rtasida kechishi kutilmoqda. Ayollar o‘rtasidagi yetakchi jamoalar qatorida Hindiston, Gruziya, Qozog‘iston, Xitoy, AQSH va Ukraina bor.
Alohida e’tibor Hindistondan bo‘lgan 20 yoshli jahon chempioni Dommaradju Gukeshga qaratilgan. Olimpiada u uchun ikki oydan keyin o‘zbekistonlik 20 yoshli shaxmatchi Javohir Sindarovga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yinga tayyorgarlik bosqichlaridan biri bo‘ladi.
Tashkilotchilar, shuningdek, keng ko‘lamli madaniy dastur tayyorladilar. Ochilish marosimida taniqli san’atkorlar, ikkita orkestr, raqs jamoalari chiqishlari, yorug‘lik shousi va mushakbozlik namoyish etildi.
Olimpiada 27-sentyabrga qadar davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi