“Al Jazeera”: Samarqandning tarixiy merosi uning zamonaviy taraqqiyoti bilan uyg‘unlashmoqda

Sentabr 18, 2026. 16:30 • 2 daq

114
“Al Jazeera”: Samarqandning tarixiy merosi uning zamonaviy taraqqiyoti bilan uyg‘unlashmoqda

DOHA, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. Qatarning “Al Jazeera” telekanali o‘z portalida Samarqand haqida maqola eʼlon qilib, unda shaharni Ipak yo‘lining durdonasi hamda islom ilm-fani, madaniyati va meʼmorchiligining muhim markazi sifatida taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Material muallifi islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan jurnalistlar, akademiklar va blogerlar guruhi tarkibida Toshkentdan Samarqandga tezyurar poyezdda yo‘l olgan.

Safarning asosiy obyektlaridan biri yaqinda qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirilgan Imom Buxoriy majmuasi bo‘ldi. Uning tarkibiga 10 ming kishilik masjid, buyuk hadisshunosning hayoti va ilmiy safarlariga bag‘ishlangan muzey, uning maqbarasi hamda Hadis ilmi instituti kiradi.

Muzeyga alohida eʼtibor qaratilgan bo‘lib, u yerda “Sahih al-Buxoriy”ning qadimiy qo‘lyozmalari, Qurʼoni karimning noyob nusxalari, olimning ilmiy safarlari xaritasi, shuningdek, uning ustozlari va shogirdlari haqidagi maʼlumotlar o‘rin olgan. Muzeyda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Imom Buxoriy ko‘p yillik safarlari davomida 600 mingga yaqin hadis to‘plagan bo‘lib, ulardan 7,2 mingtasi uning mashhur asariga kiritilgan.

Maqolada, shuningdek, 2018-yilda ochilgan Hadis ilmi maktabi haqida ham so‘z yuritiladi. Bu yerda talabalar besh yil davomida Imom Buxoriy va boshqa muhaddislarning merosini hamda oltita mashhur hadislar to‘plamini atroflicha o‘rganadilar.

Nashrda markaziy o‘rinni Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari joylashgan Registon maydoni egallaydi. “Al Jazeera” ularning meʼmoriy ahamiyati hamda Samarqandning ilmiy va madaniy rivojlanish tarixi bilan bog‘liqligini taʼkidlaydi.

Muallif, shuningdek, Amir Temur, uning farzandlari va nabiralari dafn etilgan Go‘ri Amir maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Temuriylar sulolasi vakillarining maqbaralari joylashgan Shohi Zinda majmuasini ham ziyorat qilgan.

Materialning yakuniy qismida Samarqand Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo yo‘llari bilan bog‘liq qadimiy sivilizatsiyalar va madaniyatlar tutashgan shahar sifatida taʼriflanadi. Muallifning baholashicha, shaharning tarixiy merosi uning zamonaviy taraqqiyoti bilan uyg‘unlashib, avlodlar va madaniy anʼanalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni saqlab kelmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish