“Nezavisimaya gazeta”: Toshkent va Seul 12 milliard dollarlik investitsiya kelishuviga erishdi
Sentabr 18, 2026. 11:30 • 2 daq
• 162
MOSKVA, 18-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seulga tashrifi davomida Koreya Respublikasi Prezidenti bilan innovatsion-texnologik alyans tuzish bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Rossiyaning nufuzli “Nezavisimaya gazeta” kundalik ijtimoiy-siyosiy nashriga tayanib.
Muzokaralar yakunida 12 milliard dollarlik investitsiya portfeli va Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik sheriklik dasturi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Toshkent koreyalik hamkorlarni yarimo‘tkazgichlar, elektromobillardan tortib biofarmatsevtikagacha bo‘lgan sohalarda ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga jalb etishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston allaqachon avtosanoat va gaz-kimyo kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan 700 ta qo‘shma korxona tajribasiga tayanmoqda. Endigi asosiy maqsad — texnologiyalar transferi, IT, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash orqali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iborat. Muhim mineral resurslarni qayta ishlash ham hamkorlikning ustuvor yo‘nalishiga aylanadi. O‘zbekiston ishlab chiqarish zanjirini mahalliylashtirishdan, Janubiy Koreya esa xomashyoning barqaror yetkazib berilishidan manfaatdor.
Tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshishi infratuzilma va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga bog‘liq. O‘zbekistonda Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlarining filiallari va kasb-hunarga o‘rgatish markazlari faoliyat yuritmoqda va ular yangi loyihalar ehtiyojlariga moslashtiriladi.
Siyosiy sohada tomonlar harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash, qonun chiqaruvchi organlar, vazirliklar, hududiy hokimiyatlar va biznes vakillari o‘rtasidagi muloqotni faollashtirish intilishini bildirdilar. Erishilgan iqtisodiy kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish tegishli vazirlik hamda idoralar zimmasiga yuklandi. Ular tomonidan aniq ko‘rsatkichlar, ijro jadvallari tasdiqlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi