“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari o‘rtasidagi ishonchli muloqot ikki davlat munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi

Iyul 31, 2026. 17:00 • 2 daq

76
“The Nation” gazetasi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari o‘rtasidagi ishonchli muloqot ikki davlat munosabatlarini mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi

ISLOMOBOD, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning markaziy “The Nation” gazetasi “O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik, institutsionallashuv va hamkorlik mexanizmlari” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muqaddimasida yozilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30-iyul – 1-avgust kunlari Qirg‘izistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifi o‘zbek-qirg‘iz munosabatlari rivojida yangi bosqichni boshlab beradi.

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘z tarixidagi eng mazmunli va samarali davrlardan birini boshdan kechirmoqda. Yaqin yillargacha ikki tomonlama kun tartibining asosiy qismi davlat chegarasi, chegara o‘tkazish punktlari faoliyati hamda o‘zaro ishonchni tiklash masalalari bilan bog‘liq edi.

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi muntazam hamda ishonchli muloqot ikki davlat munosabatlarini mutlaqo yangi sifat bosqichiga olib chiqdi”, – deya taʼkidlangan

Pokiston bosma nashri yozganidek, so‘nggi yillarda erishilgan eng muhim natija – bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasi bo‘yicha erishilgan kelishuvdir.

“2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralari tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi mintaqa davlatlari o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish asosida eng murakkab masalalarni mustaqil hal qilishga qodir ekanini yana bir bor namoyon etdi”, – deya urg‘ulagan gazeta.

Shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi faol siyosiy muloqot iqtisodiy sohada ham o‘zining yaqqol ifodasini topayotgani qayd etilgan. Bugungi kunda iqtisodiy hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi o‘n yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi yetti barobardan ziyod oshib, 167,5 million dollardan 1,2 milliard dollarga yetdi. Faqat o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra ham bu ko‘rsatkich 40 foizga o‘sdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Qirg‘izistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biriga aylanib, uning tashqi savdo aylanmasining qariyb 7 foizini taʼminladi.

“Bugungi kunda O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari ikki davlat mustaqilligi tarixidagi eng jadal rivojlanayotgan bosqichni boshdan kechirmoqda. Toshkent va Bishkek o‘rtasidagi strategik sheriklik ikki tomonlama hamkorlik doirasidan ancha kengayib, Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda muhim omilga aylanmoqda”, – deb xulosa qilingan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish