O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqi

Iyul 31, 2026. 15:32 • 4 daq

97
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvidagi nutqi

(2026-yil 31-iyul, Cho‘lponota sh.)


Hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Qirg‘iziston Prezidenti hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga norasmiy uchrashuvimizni o‘tkazish tashabbusi va “Qirg‘iz dengizi” – go‘zal Issiqko‘l sohilidagi iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ikki kun davomida Qirg‘izistonda bo‘lar ekanman, Sizning rahbarligingizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari menda katta taassurot qoldirdi. Mamlakat iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yuqori surʼatlarni namoyish etmoqda, uning xalqaro nufuzi muttasil oshib bormoqda.

Sizni va qardosh qirg‘iz xalqini Qirg‘izistonning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan aʼzosi etib saylangani bilan tabriklaymiz.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga ham Maslahat uchrashuvlari formatida samarali raislik qilayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.


Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

Bugun biz davlatlarimiz mustaqilligining 35 yillik bayramlarini nishonlash arafasida yig‘ilib turibmiz. Shu yillar mobaynida har bir mamlakat davlatchilikning shakllanishi, iqtisodiy o‘sish va milliy tiklanishning o‘ziga xos va betakror yo‘lini bosib o‘tdi.

Ilgari tarqoq bo‘lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo‘lida birlashmoqda.

Shu bilan birga, murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan bugungi xalqaro voqelik bizdan yana-da qatʼiyat bilan harakat qilishni va yana-da yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.

Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo‘shilishi o‘zaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi – makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.

Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz – Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan to‘liq foydalanib, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur.


Hurmatli hamkasblar!

Mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish vaqti keldi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari hamda va rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.

Mintaqamizning xalqaro subyekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozim.

Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish lozim.

Markaziy Osiyo taʼlim, ilm-fan va katta maʼlumotlar sohasida innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak. Bunga kadrlar salohiyati, sunʼiy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali erishish mumkin.

Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.

Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taʼsir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir.

Hamkorligimizning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlari orasida gumanitar aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy anʼanalar bilan o‘zaro almashgan.

Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari hamjihatlik tuyg‘usi ham mustahkamlanmoqda. Umummintaqaviy o‘ziga xoslik, xalqlarimizning milliy o‘zligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

Ishonchim komil, ushbu sohadagi ishlarning mohiyati sifat jihatidan o‘zgarishi xalqlarimiz o‘rtasidagi birlik, hamjihatlik va o‘zaro tushunish tuyg‘usini mustahkamlaydi.


Aziz do‘stlar!

Hamkorligimizni yana-da mustahkamlash bo‘yicha bugun aytib o‘tilgan tashabbus va takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Fursatdan foydalanib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayev va butun qozoq xalqiga yangi Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishini tilab qolaman.

So‘zimning yakunda bizning umumiy kuchimiz – birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qatʼiy sadoqatimizda ekanini yana bir bor taʼkidlab o‘tmoqchiman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik va yangi yutuqlar, mamlakatlarimiz xalqlariga esa farovonlik va ravnaq tilayman.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish