“The Telegraph”: XXI asrda Xiva kabi tarixiy joylarni kamdan-kam hollarda uchratish mumkin
Yanvar 12, 2026. 11:49 • 2 daq
• 77
LONDON, 12-yanvar. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur “The Telegraph” kundalik nashrida Xiva shahrining bugungi holati va bu yerdagi tarixiy qadamjolar haqida hikoya qiluvchi maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Materialda yozilishicha, XXI asrda Xiva kabi tarixiy joylarni kamdan-kam hollarda uchratish mumkin. Ipak yo‘lining ushbu qimmatli obyekti bugungi kunda ham Buxoro va Samarqand kabi ulug‘vorlik kasb etib turibdi.
O‘zbekiston hukumati joriy yilda Xiva va poytaxt Toshkent o‘rtasida yangi tezyurar poyezdni yo‘lga qo‘yish niyatida. Ushbu saʼy-harakatlar yo‘lga ketadigan vaqtni hozirgi 15 soatdan yetti soatgacha qisqartiradi.
Xivaning deyarli barcha tarixiy diqqatga sazovor joylari o‘rta asrlarga oid Ichan-qalʼa ichida joylashgan. Saroy va masjidlar, madrasa va maqbaralar bilan to‘lib-toshgan bu tarixiy maskan ochiq osmon ostidagi muzey sanaladi. Tashrif buyuruvchilar asosiy kirish eshigi – G‘arbiy darvozaga yaqinlashganda hayratda qolishadi, uning ortida Muhammad Amin Xonning ulug‘vor madrasasi joylashgan.
Xonlar hukmronligi sanʼatga katta mablag‘ sarflangan. Bu yerdagi har bir binoning old tomoni koshin bilan qoplangan baland tokchalar bilan bezatilgan bo‘lib, ularning yon tomonlarida kengayib boruvchi geometrik naqshlar joylashgan. Islom olami odamlar va hayvonlarni tasvirlashni taqiqlaydi, shuning uchun rassomlar tabiatni ifodalash uchun mavhum naqshlar yaratgan. Ko‘k va feruza ranglar osmon va tinchlik, oq rang esa poklik ramzini anglatgan.
VIII asrda arablar Xivaga kelganida bu yerda otashparastlik dini - zardushtiylik bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan islom anʼanalari zardushtiylik madaniyatini siqib chiqargan. Ammo uning ayrim jihatlari haligacha saqlanib qolgan.
Xiva piyoda yurish uchun juda qulay shahar bo‘lib, masjiddan atigi bir daqiqalik masofada o‘zgarishlar davrini belgilagan inshoot mavjud. G‘isht terish bo‘yicha Kardiff, Manchester yoki Liverpuldagi binolardan unchalik farq qilmagan Islom Xo‘ja madrasasi Xivadagi birinchi rusiyzabon maktabga aylangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi