Logo

Toshkentda ilk bor “Xalqaro yil talabasi” mukofoti topshirildi

Yanvar 11, 2026. 14:00 • 2 daq

36
Toshkentda ilk bor “Xalqaro yil talabasi” mukofoti topshirildi

TOSHKENT, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Kecha poytaxtimizda ilk bor dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning akademik, ijtimoiy va professional yutuqlarini eʼtirof etishga bag‘ishlangan “Yilning xalqaro talabasi” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu taqdirlash marosimi poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilib, unda 500 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Xalqaro Talabalar Ittifoqi (UzSU) tomonidan Yoshlar ishlari agentligi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi. Ushbu tadbir faol, ijtimoiy masʼuliyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekiston bilan aloqalarini mustahkamlash hamda milliy ahamiyatga ega loyihalarga jalb etishda muhim platforma bo‘ldi.

Marosim doirasida UzSUning O‘zbekistondagi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu esa tashkilotning milliy darajadagi tizimli faoliyati boshlanganini va xalqaro tarmog‘i kengayib borayotganini anglatadi.

Tadbir dasturidan “Chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarining mamlakat rivojidagi o‘rni” mavzusidagi panel muhokamasi ham o‘rin oldi. Unda xalqaro talabalarning mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va intellektual rivojiga qo‘shayotgan hissasi muhokama qilindi. Panel muhokamasida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda tadbirkor Zafar Hoshimov ishtirok etdi. Muhokamaga UzSU raisi Jasurbek Jabborov moderatorlik qildi.

“Xalqaro yil talabasi” mukofoti “Yil talabasi”, “Jamiyat va diaspora rivojiga qo‘shgan hissa”, “O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib namoyon etish” va “Yil innovatsiyasi” nominatsiya bo‘yicha topshirildi.

2026 yilgi mukofot g‘oliblari:

1. “Yil talabasi” — AQSHdagi “Columbia University Barnard College” talabasi Nozira Davroniy;

2. “Jamiyat va diaspora rivojiga qo‘shgan hissa” — Gonkongdagi “Hong Kong University of Science and Technology” talabasi Asadbek Ismoilov;

3. “O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib namoyon etish” — Buyuk Britaniyadagi “Oxford University” talabasi Aakib Niyoz;

4. “Yil innovatsiyasi” — Italiyadagi “Università degli Studi di Siena” talabasi Asliddin Akbarov.

Mazkur mukofot xalqaro maydonda tahsil olayotgan yoshlarimizning salohiyatini eʼtirof etish, ularni Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga ruhlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish