O‘zbekiston rahbari Rossiya Prezidentini Federal Majlis Davlat Dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi
Sentabr 21, 2026. 16:00 • 2 daq
• 62
TOSHKЕNT, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, Rossiya Federal Majlisi Davlat Dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari bo‘lib o‘tgan saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik hamjihatligini yana bir bor yaqqol namoyon etganini ta’kidladi, – deb yozadi O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram-kanalida. – Saylovchilarning rekord darajadagi ishtiroki va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolari Prezident Vladimir Putin rahbarligida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni davom ettirish va milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan strategik yo‘nalishga yuksak ishonch bildirayotgani hamda uni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat berishi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ko‘p qirrali aloqalarimizda alohida o‘rin tutadigan parlamentlararo hamkorlik bundan buyon ham ikki tomonlama loyiha va dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini har tomonlama rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlash, uni mamlakatlarimiz ravnaqi va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yangi tashabbuslar bilan boyitishga ishonch bildirildi.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Vladimir Putinga mustahkam sog‘lik va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi”.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi