Rimda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi tantanalari bo‘lib o‘tdi

Sentabr 21, 2026. 16:30 • 2 daq

35
Rimda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi tantanalari bo‘lib o‘tdi
Rimda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi tantanalari bo‘lib o‘tdi
Rimda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi tantanalari bo‘lib o‘tdi

RIM, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. Italiyada O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, talabalar, mamlakat parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi, jamoat va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev mustaqillikning tarixiy ahamiyati haqida so‘z yuritib, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakatning xalqaro maydondagi roli ortib borayotgani haqida fikr bildirdi.

O‘zbekiston–Italiya munosabatlarining rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi. So‘nggi yillarda amaliy hamkorlik nafaqat siyosiy, balki savdo, investitsiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat sohalarida ham kengayib bormoqda.

Italiyadagi O‘zbek madaniyat markazi rahbari Kamila Qirg‘izova O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistondagi o‘zgarishlar Italiya keng jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otayotganini e’tirof etdi.

Italiyaning Osiyo bo‘yicha instituti bosh kotibi Domeniko Palmieri so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda ro‘y bergan sezilarli o‘zgarishlar haqida so‘z yuritib, italiyaliklar o‘zbek milliy madaniyati va adabiy merosiga alohida e’tibor berishini qayd etdi.

Madaniy dastur doirasida o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari yangradi, mehmonlar milliy raqslardan bahramand bo‘lib, palov, kabob, somsa, chuchvara kabi o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish