Xorazm viloyati delegatsiyasi BAAning uch amirligida investitsiya loyihalarini taqdim etdi
Oktabr 29, 2026. 16:30 • 2 daq
• 123ABU-DABI, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov boshchiligidagi delegatsiya investitsiyalarni jalb etish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida amaliy tashrif bilan BAAda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi ko‘magida Dubay, Abu-Dabi va Ras al-Xaymada davlat tuzilmalari, savdo-sanoat palatalari hamda yirik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uch amirlikda o‘tkazilgan biznes-forumlarda Xorazm viloyatining iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda istiqbolli investitsiya loyihalari taqdim etildi. Dubaydagi tadbirda 300 dan ortiq mahalliy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Ras al-Xayma valiahd shahzodasi shayx Muhammad bin Saud bin Saqr al-Qosimiy bilan uchrashuvda hududlararo aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Xorazmning tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini jalb etish va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida delegatsiya “Guardian Glass”, “Al Ameri Food Industries” va “Al Hamra Holding” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli ishbilarmonlik sherikligini rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvlar yakunida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, delegatsiyalar almashinuvini davom ettirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



