«Daily News Hungary»: O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
Oktabr 29, 2026. 15:30 • 2 daq
• 119
BUDAPЕSHT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi sammitlarda faol ishtirokiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo aloqalarini kengaytirish va qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish mintaqaviy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Tashkilotga a’zo davlatlarning jami iqtisodiy salohiyati 2,1 trillion dollardan oshgani, 2025-yilda ular iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 6,8 foizni tashkil etgani hamda O‘zbekistonning tashkilot mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 10,8 milliard dollarga yetgani hamkorlik imkoniyatlari naqadar keng ekanini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, iqtisodiy tashabbuslarni aniq mexanizmlar va amaliy loyihalarga aylantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni shakllantirish, Turkiy davlatlar iqtisodiy sherikligi bo‘yicha doimiy kengash tuzish va uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirish takliflari o‘zaro savdo, biznes va investitsiya aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan biridir. Mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik, neft-kimyo va oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirish mumkin.
Nashrda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston uchun transport-tranzit salohiyatini oshirish ham iqtisodiy integratsiyaning strategik yo‘nalishidir. O‘rta koridorni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li bilan bog‘lash, istiqbolda Transafg‘on koridori imkoniyatlaridan foydalanish Markaziy Osiyoni Osiyo va Yevropa bozorlarini tutashtiruvchi muhim transport markaziga aylantirishga zamin yaratadi.
Raqamli iqtisodiyot va “yashil” taraqqiyot ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridir. O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish va “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbuslari mintaqaning texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi