Logo

Hindiston OAV: Zamonaviy o‘zbek askari - davlatchilik, sadoqat va taraqqiyot ramzi

Yanvar 23, 2026. 13:13 • 3 daq

27
Hindiston OAV: Zamonaviy o‘zbek askari - davlatchilik, sadoqat va taraqqiyot ramzi

DELI, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning «Business Central Asia» jurnalining yanvar oyidagi sonida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada o‘zbek armiyasi mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘l — shakllanishning eng murakkab sharoitlaridan tortib xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallagan zamonaviy, texnologik va yuqori professional tuzilmaga aylanish darajasigacha bo‘lgan davr qamrab olingan va tahlil qilingan.

Muallif 1992-yil 14-yanvar kuni mamlakat hududidagi barcha harbiy tuzilmalar yosh suveren davlat tasarrufiga olinganini eslatib o‘tadi.

Armiya shakllanishining birinchi bosqichi logistika zanjirlarining uzilishi, tajribali kadrlar yetishmovchiligi, davlat chegarasini himoya qilish zaruriyati va boshqa qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lgani qayd etilgan. Ushbu muammolarni yengib o‘tishda Toshkent, Chirchiq, Samarqand shaharlaridagi harbiy bilim yurtlari infratuzilmasidan oqilona foydalanish muhim rol o‘ynadi va ushbu muassasalar milliy ofitser kadrlar yetishtiradigan maskanlarga aylantirildi. 1994-yil Qurolli Kuchlar Akademiyasining tashkil etilgani muhim qadam bo‘lgani taʼkidlangan.

1999–2000-yillardagi burilish davriga alohida eʼtibor qaratilgan bo‘lib, o‘sha yillari xalqaro terrorizm tomonidan solingan tahdid chuqur va izchil islohotlar zaruriyatini yuzaga keltirgani urg‘ulangan. Bunga javoban strategik harbiy okruglar tashkil etildi, shartnoma tizimiga o‘tildi, chaqiriq tizimi isloh qilindi va serjantlar tarkibini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur chora-tadbirlar milliy armiyaning harakatchanligi, tezkorligi va mustaqilligini oshirishga xizmat qildi.

Maqolada 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida harbiy islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichi boshlangani batafsil yoritilgan. XXI asrning ixcham, professional va texnologik jihozlangan armiyasini yaratish bo‘yicha qo‘yilgan yuksak maqsad haqida so‘z yuritilgan.

«Yangi O‘zbekiston» strategiyasi mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, qurol-yarog‘larni modernizatsiya qilish va har tomonlama raqamlashtirish kabi muhim ustuvor yo‘nalishlarni mustahkamlab qo‘ydi, deb yozgan «Business Central Asia».

Maqolada izchil islohotlar natijalari xalqaro miqyosda eʼtirof etilganiga urg‘u berilgan. O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining Buyuk Britaniyadagi «Cambrian Patrol», Janubiy Koreya, Turkiya, AQSh va Rossiyada o‘tkazilgan xalqaro armiya o‘yinlari, snayperlar chempionatlari kabi yirik musobaqalardagi ishtiroki va g‘alabalari ularning tayyorgarlik darajasi yuqori ekanligini yaqqol namoyish etgani taʼkidlangan.

Maqolaning salmoqli qismi Hindiston bilan o‘zaro strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga bag‘ishlangan. Ikki mamlakatning mintaqaviy barqarorlik masalalari bo‘yicha yondashuvlari mushtarak ekani qayd etilgan.

Nashr muallifi amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tgan. Xususan, har yilgi “Do‘stlik” qo‘shma mashg‘ulotlari doirasida real sharoitlarga yaqin bo‘lgan jangovar tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. O‘nlab o‘zbek ofitserlari Hindistonning yetakchi harbiy akademiyalarida tahsil olmoqda, bu esa armiyalarning bo‘lajak yetakchilari o‘rtasida uzoq muddatli ishonchli munosabatlarga zamin yaratmoqda. Hamkorlikda texnologik qo‘llab-quvvatlash masalalari muhim ahamiyatga ega. Xususan, Hindiston O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasida zamonaviy IT-laboratoriya yaratishga sarmoya kiritdi.

Muallif O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bosib o‘tgan yo‘l xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotgani haqida xulosa qilgan. Mamlakat dunyodagi bugungi o‘zgarishlarning kuzatuvchisigina bo‘lib qolmay, ushbu jarayonda faol ishtirok etayotgani alohida taʼkidlangan. Zamonaviy o‘zbek askari — bu ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, eng yaxshi mutaxassislar tomonidan tarbiya qilingan, millat va davlatning to‘liq qo‘llab-quvvatlashidan bahramand bo‘lgan davlatchilik, sadoqat va taraqqiyot ramzidir.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish