“London Post”: Xalqaro tasnifga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi darajasi moʻtadil va boshqariladigan hisoblanadi
Yanvar 16, 2026. 08:50 • 2 daq
• 104
LONDON, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur “London Post” yangiliklar portalida O‘zbekistonning tashqi davlat qarzi va yalpi ichki mahsuloti haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning jami tashqi qarzi 75,4 milliard dollarini tashkil etgan. Shundan, 37,4 milliard dollar davlat tashqi qarziga to‘g‘ri keladi. Qolgan 38 milliard dollarga yaqini esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalarining qarz majburiyatlari (korporativ qarz) hisoblanadi”, deya yozilgan manbada.
Maqolada yozilishicha, xalqaro tasnifga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi darajasi moʻtadil va boshqariladigan hisoblanadi. 37,6 milliard dollar miqdoridagi davlat tashqi qarzi taxminan YAIMning 26 foiziga teng (rasmiy YAIM qariyb 145 milliard dollar). Bu ko‘rsatkich jahon amaliyotida makroiqtisodiy barqarorlik uchun potensial xavfli deb baholanadigan chegaraviy darajalardan ancha pastdir.
Umuman olganda, 2017–2025 yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida 2 milliondan ortiq ish o‘rinlari yaratildi, eksport hajmi 270 foizga oshdi, jon boshiga YAIM esa 418 foizga ko‘paydi.
Biroq eng muhim jihat shundaki, resurslarni jalb etish faqat qatʼiy qoidalar, shaffoflik va samarali nazorat asosida amalga oshirilishi lozim. Davlat rahbari o‘z Murojaatida alohida taʼkidlaganidek, parlament deputatlari loyihalarning butun hayotiy siklini – tanlov va konkurslardan tortib, ularni amalga oshirish hamda yakuniy natijalargacha – kuzatib boradi. Loyihalarning holati, bosqichlari va jarayonlari real vaqt rejimida eʼlon qilib boriladi, bu esa tanlov va tenderlar qanday o‘tayotgani hamda majburiyatlar qanday bajarilayotganini aniq ko‘rish imkonini beradi.
“O‘zbekistonning investitsiyalarga yondashuvi nihoyatda aniq: mamlakatning o‘sishi uchun resurslar zarur, shu bilan birga aholi manfaatlariga xizmat qiladigan qatʼiy nazorat, shaffoflik va o‘lchanadigan natijalar taʼminlanishi lozim. Barcha jarayonlar aynan shu tamoyillar asosida – ochiq, bosqichma-bosqich va aniq masʼuliyat doirasida olib borilmoqda”, - deya xulosa qilgan nashr.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi