“Hindiston yurishi kundaligi” asari ilk bor o‘zbek tilida chop etildi
Fevral 23, 2026. 18:59 • 3 daq
• 30TOSHKENT, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi tashabbusi bilan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Taqdimotda keng jamoatchilik vakillari, olimlar, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning muhim qismi – o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Hindiston yurishi kundaligi” asarining kitobxonlar eʼtiboriga havola etilgani bo‘ldi
G‘iyosuddin Alini qalamiga mansub ushbu asar Amir Temur hayotligida yaratilgan ikki muhim manbadan biri hisoblanadi. Ikkinchisi - “Zafarnoma” bo‘lib, u Nizomiddin Shomiy tomonidan yozilgan. Biroq “Hindiston yurishi kundaligi” shu vaqtgacha o‘zbek tilida eʼlon qilinmagan va keng jamoatchilikka maʼlum emas edi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, 1398-yilda Amir Temur G‘iyosuddin Alini Hindiston yurishiga birga olib ketib, yurish voqealarini yozib borishni topshirgan. Asar bevosita yurish jarayonida to‘plangan maʼlumotlar asosida yaratilgani bilan qimmatlidir. Sohibqiron muallifdan voqealarni sodda va tushunarli tilda bayon etishni talab qilgani qayd etiladi.
Sharqshunos olim Vasiliy Bartold 1902-yilda ushbu asar haqida ilk bor maʼlumot bergan va uni taxminan 1402-yilda tugallangan deb taʼkidlagan. Keyinchalik ushbu asar “Zafarnoma”ning yozilishida muhim manbalardan biri sifatida xizmat qilgan.
Tadbir doirasida yana bir nashr – “Amir Temur‘s Legacy of Wisdom” (Amir Temurning hikmatli merosi) ham taqdim etildi. Ingliz tilida chop etilgan mazkur to‘plamda o‘zbek olimlarining Amir Temur va temuriylar davri tarixi bo‘yicha ilmiy maqolalari jamlangan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mutaxassislar mazkur nashrning ilmiy va maʼnaviy ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Hindiston yurishi kundaligi” kabi manbalar bizga Amir Temur faoliyatini zamondosh nigoh bilan ko‘rishga zamin yaratadi. Eng muhimi, asarning o‘zbek tilida nashr etilishi yosh tadqiqotchilarga manba bilan bevosita ishlash imkonini beradi. Bu taqdimotning Temuriylar tarixi davlat muzeyida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyatga ega. Kitobda o‘qilgan tarixiy jarayonlarni muzey eksponatlari bilan bog‘lab ko‘rish yoshlarda tarixga qiziqishni yana-da oshiradi. Mazkur kitoblar Amir Temur merosini yana-da chuqurroq o‘rganish, uning davlatchilik va maʼnaviy qarashlarini keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda”, - deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev.
Tadbirda so‘zga chiqqan Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali mazkur nashrlarni xalqaro maydonda keng targ‘ib etish rejalari haqida ham maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, Amir Temur merosini jahon ilmiy jamoatchiligi va keng xorijiy auditoriyaga yetkazish maqsadida O‘zbekistonning chet davlatlardagi elchixonalari bilan hamkorlikda taqdimotlar, ilmiy uchrashuvlar va maʼrifiy tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Bunday ishlar nafaqat tarixiy merosni targ‘ib etish, balki Amir Temurni davlatchilik, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida xalqaro jamoatchilikka yana-da teranroq tanitishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu nashrlar kelgusida boshqa xorijiy tillarga ham tarjima qilinib, dunyo kitobxonlariga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





