Nyu-Yorkda O‘zbekiston Prezidentining tashrifi doirasida maxsus aksiya tashkil etildi
Fevral 19, 2026. 10:40 • 56 soniya
• 319NYU-YORK, 19-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining AQShga qilgan amaliy tashrifi doirasida Nyu-Yorkda faoliyat yurituvchi Xalqaro Turon federatsiyasi vakillari tomonidan megapolis markazida ramziy tabrik aksiyasi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Aksiya doirasida Tayms-skver maydonidagi raqamli LED-billboard displeylarida, shahar bo‘ylab harakatlanayotgan ixtisoslashtirilgan treklarning multimedia ekranlarida o‘zbek sportchilarining yutuqlari va milliy sportni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Lavhalarda o‘zbek sportchilarining xalqaro musobaqalardagi g‘alabalari, taqdirlash marosimlari, jismoniy tarbiya, ommaviy sport va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan tizimli yordam aks etgan.
Aksiyaning aynan davlatimiz rahbarining AQShga tashrifi chog‘ida o‘tkazilishi O‘zbekiston Prezidentiga sportni rivojlantirish, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish va o‘zbek sportining xalqaro nufuzini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi uchun samimiy minnatdorlik ifodasi bo‘ldi.
Bu bilan tashkilotchilar uning xizmatlari eʼtirof etilgani va erishilgan natijalar milliy iftixor mavzusiga aylangani hamda mamlakatning xorijdagi ijobiy imijiga muhim omil bo‘lganini taʼkidladi.
Xalqaro Turon federatsiyasining tashabbusi o‘zbek diasporasi va xalqaro sport tuzilmalarining O‘zbekiston madaniy-sport qadriyatlarini targ‘ib qilish, Vatandan tashqaridagi hamyurtlarni birlashtirish va milliy yakkakurash turlarini jahon miqyosida yanada ommalashtirishdagi faol rolini yaqqol namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



