IrMTTU o‘zbekistonlik talabalar sonini ko‘paytirish niyatida
Iyun 11, 2026. 12:30 • 2 daq
• 32IRKUTSK, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Irkutsk milliy tadqiqot texnika universiteti (IrMTTU) rektori Mixail Kornyakov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar IrMTTUning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorligini kengaytirish, o‘zbekistonlik talabalar uchun o‘quv jarayonini tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Hozirgi vaqtda universitetda O‘zbekistondan kelgan 100 nafardan ortiq talaba konchilik ishi, neft-gaz ishi, axborot texnologiyalari va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olmoqda.
Mixail Kornyakov O‘zbekistondan kelgan talabalar sonini oshirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, IrMTTUning Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Jizzax politexnika va Namangan davlat pedagogika institutlari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgani hamda ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risida bitim va memorandumlar imzolangani ta’kidlandi.
O‘zbekiston tomoni Irkutsk politexnika instituti negizida malaka oshirish kurslarini davom ettirish uchun IrMTTU va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirishni taklif etdi.
Rossiyalik mutaxassislar bosh konsulning grant asosida ta’lim olayotgan magistrantlar, tanlagan mutaxassisliklariga muvofiq oshirilgan stipendiya oladigan aspirantlar sonini ko‘paytirish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Tashrif doirasida o‘zbekistonlik talabalar, jumladan, Toshkentdagi Kimyo xalqaro universitetining malaka oshirish dasturi ishtirokchilari bilan ham uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida talabalar o‘qishlari, amaliy mashg‘ulotlari hamda o‘zlari uchun yaratilgan turar joy va maishiy sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Vatandoshlarimiz davlat himoyasida ekani, Bosh konsulxona ularning o‘qish davrida yuzaga keladigan masalalarni hal etishda zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Kimyo universiteti talabalari safarni tashkil etishda ko‘rsatgan yordami uchun O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulhonasiga minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda talabalarning konsullikka qilgan murojaatlari, jumladan, hududiy ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tish tartibi va yotoqxonalarda qulay yashash sharoitlarini ta’minlash kabi ayrim masalalar ham ko‘rib chiqilib, o‘z yechimini topdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


