O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari o‘ntaligida Xitoy va Rossiya yetakchi
Noyabr 19, 2026. 10:30 • 2 daq
• 4
TOSHKЕNT, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,9 milliard dollarga yoki 6,3 foizga ko‘payib, 65,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, Xitoy mamlakatimizning eng yirik savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Tashqi savdo aylanmasining 15,2 milliard dollari ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinni 10,5 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan Rossiya egalladi.
Kuchli o‘ntalikdan Qozog‘iston (4,3 milliard dollar), Turkiya (2,2 milliard), Afg‘oniston (1,6 milliard), Koreya Respublikasi va BAA (1,4 milliarddan), Fransiya va Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududi (1,3 milliarddan), shuningdek, Qirg‘iziston (1,1 milliard dollar) joy oldi.
Jami hisobda ushbu o‘nta davlat ulushiga O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 61,5 foizi to‘g‘ri keldi. Umuman olganda, O‘zbekiston dunyoning 200 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirdi.
Eng yirik savdo hamkorlari geografiyasi O‘zbekistonning keng qamrovli tashqi iqtisodiy aloqalaridan dalolat beradi. Yetakchi hamkorlar – Xitoy va Rossiya bilan bir qatorda, savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari, Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Yevropa yo‘nalishlari ham salmoqli o‘rin egallaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi