O‘zbekiston Prezidenti raisligida Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
Noyabr 18, 2026. 22:04 • 5 daq
• 37
TOSHKЕNT, 18 noyabr. /“Dunyo” AA/.Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Namangan viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, aholi bandligi va daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish, xorijiy investitsiyalar va eksport bo‘yicha belgilangan marralarga erishish har bir hududning imkoniyatlarini to‘liq ishga solishni talab etadi. Namanganda ham yuqori texnologiyalar, zamonaviy sanoat va xizmatlar hisobidan taraqqiyotga yangi sur’at berish uchun keng salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Joriy yil yakunida viloyatga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar 5,4 milliard dollarga, eksport hajmi 1,2 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Kelgusi yilda iqtisodiyotni 9,5 foizga o‘stirish, xorijiy investitsiyalarni 7-8 milliard dollarga, eksportni esa 1,3 milliard dollarga yetkazish mumkinligi qayd etildi.
Bu maqsadlar uchun umumiy qiymati 5,4 milliard dollarlik yangi investitsiya takliflari shakllantirilgan. Davlatimiz rahbari ularni aniq loyihalarga aylantirish, investorlarga zarur sharoit yaratish va har bir tashabbus ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasini qo‘ydi.
Yig‘ilishda viloyatda barpo etilayotgan va kelgusi yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yirik obyektlar taqdimot qilindi. Jumladan, Namangan xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish doirasida soatiga 1,2 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminal hamda yiliga 21,2 ming tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega kargo infratuzilmasi barpo etilmoqda.
Sanoatda Chust tumanida to‘qimachilik bo‘yoqlari ishlab chiqarish bo‘yicha 260 million dollarlik, chiqindilardan elektr energiyasi olishda 150 million dollarlik va bazaltdan issiqlik saqlovchi materiallar tayyorlash bo‘yicha 125 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Pop tumanida kumush konsentrati, Yangi Namanganda esa farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Yangi Namangan shaharchasida zamonaviy IT-park binosini qurish ham ko‘zda tutilgan. Unda o‘nlab texnologik korxonalar faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.
Qurilish va shaharsozlik sohasidagi dasturlar ham muhokama qilindi. Xususan, Yangi Namangan shaharchasida 50 ming xonadonga mo‘ljallangan turar joylar, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatdagi 183 ming gektar yer salohiyatidan samarali foydalanish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va agrosanoat kooperatsiyasini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bu borada To‘raqo‘rg‘onda 70 ming bosh qo‘yga mo‘ljallangan zamonaviy klaster faoliyati, bir qator tumanlarda parrandachilik majmualarini rivojlantirish ishlari ko‘rib chiqildi. Kosonsoyda 25 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan yirik chorvachilik kompleksini barpo etish rejasi ham muhokama qilindi.
Chust tumanidagi Olmos shaharchasida dehqonchilik maktabini tashkil etish tashabbusiga ham to‘xtalib o‘tildi. Unda agroakademiya, agroinnovatsiya markazi, agrosanoat parki, agrologistika va agroturizm yo‘nalishlarini birlashtirish, xorijlik hamkorlar bilan yuqori hosilli kartoshka urug‘chiligi, eksportbop poliz mahsulotlari yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish taklif etildi.
Bundan tashqari, intensiv va organik bog‘dorchilikni kengaytirish, Pop tumani adirlarini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligiga ilm-fan yutuqlari va ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda yoshlar bandligi va daromadlar masalasi ustuvor o‘rin tutdi. Viloyatdagi 786 ming nafar yoshning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun ularni xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, ichki va tashqi mehnat bozorlarida munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Ibrat nomidagi chet tillari institutida italyan tilini o‘rgatish markazi tashkil etilgani ijobiy baholandi. Italiya kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatida ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mas’ullarga kelgusi yilda 10 ming nafar yoshning Yaponiya va Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlarida mehnat qilishi uchun maqsadli til va kasbiy tayyorgarlikni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Xorijdan qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning muammolarini hal etishda raqamli xizmatlardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz bu sa’y-harakatlar odamlarning kundalik hayoti va daromadlarida aniq natija berishi lozimligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu asosda viloyat aholisining o‘rtacha daromadini 9,6 million so‘mga yetkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Turizm sohasida Pop tumanidagi “Arashan” ko‘p funksiyali majmuasini barpo etish ishlari va “Qamchiq” tog‘ dam olish maskani loyihasi muhokama qilindi. “Arashan” majmuasining birinchi bosqichini 2027-yilda ishga tushirish, kelgusida yiliga 1,5 million nafar sayyohni jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy va Chustda yangi turizm zonalarini rivojlantirish, Chustda pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kulolchilik va yog‘och o‘ymakorligi an’analarini jamlaydigan Hunarmandlar shaharchasini tashkil etish taklif qilindi. Mazkur loyiha doirasida 4 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Savdo va servisni kengaytirishda ham qo‘shimcha imkoniyatlar bor. Hozir tunu kun ishlaydigan 35 ta ko‘chada 5 mingdan ziyod aholi daromad topmoqda. Kelgusi yilda bunday ko‘chalar sonini 50 taga yetkazish, Sirdaryo bo‘yida dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlarini tashkil etish, yo‘lbo‘yi servisini yaxshilash vazifalari qo‘yildi.
Bu tarmoqlarga malakali kadrlar tayyorlashda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda turizm va mehmonxona boshqaruvi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Chekka mahallalar aholisiga xizmatlarni yaqinlashtirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Norin tumanidagi mahalla axborot va xizmat markazi tajribasini barcha tumanlarga tatbiq etish, Koreya Respublikasi tajribasi asosida “Aqlli qishloq” loyihalarini rivojlantirish taklif qilindi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimligi va islohotlar shtabiga yirik loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish, aholini qiynayotgan masalalarga manzilli yechim topish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi