Turkiyaning Kaxramanmarash shahri ishbilarmonlari O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatidagi investitsiyaviy salohiyati tanishtirildi

Noyabr 19, 2026. 10:00 • 2 daq

• 6
Turkiyaning Kaxramanmarash shahri ishbilarmonlari O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatidagi investitsiyaviy salohiyati tanishtirildi

KAXRAMANMARASH, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Kaxramanmarash shahrida mahalliy sanoat korxonalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston bilan investitsiyaviy va sanoat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan ishbilarmonlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Kaxramanmarash Savdo-sanoat palatasi ko‘magida o‘tkazilgan uchrashuvda mahalliy biznes vakillari va yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi. Xususan, “İSKUR”, “ARIKAN GROUP”, “Elif İplik”, “Dokuboy”, “Sirkecioğlu Mensucat”, “ST Tekno Ltd.”, “Nipaş Tekstil” va “Kipaş Group” kabi yirik to‘qimachilik korxonalari rahbariyati bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralarda asosiy e’tibor Turkiyaning ilg‘or texnologiyalari va ishlab chiqarish tajribasini O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘iga joriy etish imkoniyatlariga qaratildi. Ishtirokchilarga mamlakatimizda paxta sanoatini rivojlantirish, xom ashyo ishlab chiqarish hajmlari va soha korxonalari uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Turkiya tomoniga O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar va sharoitlar, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari hamda to‘qimachilik va yengil sanoatni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berildi.

Paxtani chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy texnologik liniyalarni joriy etish hamda mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish istiqbollari tomonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar. Shuningdek, tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va turk kompaniyalarining O‘zbekiston sanoatidagi ishtirokini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish