Kubanichbek Omuraliyev: Turkiston sammiti turkiy dunyo raqamli integratsiyasini yangi darajaga olib chiqadi

May 15, 2026. 10:25 • 9 daq

55
Kubanichbek Omuraliyev: Turkiston sammiti turkiy dunyo raqamli integratsiyasini yangi darajaga olib chiqadi

TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti arafasida “Dunyo” AA muxbiri Tashkilot bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan bo‘lajak yig‘ilish kun tartibidagi dolzarb masalalar xususida suhbatlashdi.

– Til, tarix va madaniy umumiylik asosida tashkil etilgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) bugungi kunda zamonaviy muammolarni birgalikda hal qilishga qaratilgan muhim tuzilmaga aylanmoqda. Hozirgi paytda tashkilot faoliyatining qaysi ustuvor yo‘nalishlari birinchi o‘ringa chiqmoqda va Turkistonda bo‘lib o‘tadigan norasmiy sammitdan qanday amaliy natijalar kutilayapti?

– Bugun Turkiy davlatlar tashkiloti, ehtimol, o‘z taraqqiyotining eng jadal bosqichlaridan birini boshdan kechirmoqda. So‘nggi yillarda TDT sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va tizimli hamda uzoq muddatli faoliyatga o‘tganini namoyon qildi. Bu ayniqsa, so‘nggi sammitlar yakunlarida raqamli iqtisodiyot, transport o‘zaro bog‘liqligi, savdo va gumanitar hamkorlik sohalarida aniq qarorlar qabul qilinganida yaqqol ko‘rindi.

Bugun tashkilot faoliyati iqtisodiyot, savdo, transport va qishloq xo‘jaligidan tortib raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, taʼlim, fan va hatto kosmik tadqiqotlargacha bo‘lgan 60 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan.

Faoliyatimizda “Turkiy dunyo nigohi – 2040”, TDTning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi va Turkiy dunyo xartiyasi uzoq muddatli ishlarimizning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan shu hujjatlar tashkilotimiz rivojining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Shu bilan birga, asosiy eʼtibor tobora amaliy masalalarga – O‘rta koridorni rivojlantirish, transport bog‘liqligi, savdo jarayonlarini soddalashtirish, raqamli transformatsiya va energetik hamkorlikka qaratilayapti.

Gumanitar yo‘nalish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki aynan u taʼlim, madaniyat va yoshlar loyihalari orqali jamiyatlarimizni yaqinlashtirish uchun uzoq muddatli asos yaratadi.

Shuning uchun Turkistondagi bo‘lajak sammit alohida ahamiyat kasb etadi. Uning markaziy mavzularidan biri sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish bo‘lgani juda muhim. Aynan shu yo‘nalishlar bugun iqtisodiyot, xavfsizlik va davlatlarning xalqaro raqobatbardoshligiga taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilot doirasida ilgari surilgan tashabbuslarning dolzarb ekanini alohida taʼkidlamoqchiman. Jumladan, kelajak iqtisodiyotini keng joriy etishga qaratilgan “Raqamli turkiy dunyo” konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot sohasidagi loyihalar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilish tashabbuslari TDT doirasidagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Turkistonning uchrashuv maydoni sifatida tanlangani ham juda muhim. U turkiy dunyoning maʼnaviy va tarixiy markazlaridan biri bo‘lib, avlodlar vorisligi va umumiy madaniy merosimizning ramzi hisoblanadi.

Turkistonda raqamlashtirish, innovatsiyalar va texnologik hamkorlik sohalarida aniq kelishuvlarga erishiladi, deb umid qilmoqdamiz. Sammitning asosiy yakunlaridan biri Turkiston deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘lishi kutilmoqda. U yaqin yillardagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, tashkilot rivojiga qo‘shimcha turtki beradi.

– Bugun TDTga tobora muhim mintaqaviy platforma sifatida qaralmoqda. Turkiy davlatlar o‘rtasida transport-logistika koridorlari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun tashkilot qanday aniq mexanizm va tashabbuslarni ilgari surmoqda?

– Bugun TDTning asosiy vazifalaridan biri – turkiy makonning ulkan salohiyatini mamlakatlarimiz va fuqarolarimiz uchun real iqtisodiy imkoniyatlarga aylantirishdir.

Mintaqaning salohiyati haqiqatan ham juda katta. Bu hudud taxminan 175 million aholini birlashtiradi. TDTning Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani uchun yalpi ichki mahsuloti 2,4 trillion AQSH dollaridan oshdi. Shu bois, transport bog‘liqligi va iqtisodiy integratsiya masalalari tashkilot kun tartibida markaziy o‘rinni egallaydi.

Asosiy yo‘nalishlardan biri Transkaspiy xalqaro transport marshruti, yaʼni O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘lib qolmoqda. Hozirgi sharoitda uning ahamiyati yana-da ortdi. Global logistikadagi o‘zgarishlar va ayrim mintaqalardagi beqarorlik Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi ishonchli hamda diversifikatsiya qilingan marshrutlarga bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda.

Bugun O‘rta koridor shunchaki muqobil yo‘nalish emas. Amalda Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi barqaror transport arxitekturasi shakllanmoqda.

Natijalar allaqachon namoyon bo‘lmoqda. 2025-yilda O‘rta koridor orqali yuk tashish hajmi 62 foizga oshib, 2023-yildagi 2,7 million tonnadan 4,7 million tonnaga yetdi. Ko‘rilayotgan choralar 2030-yilgacha uning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yiliga 10 million tonnagacha oshirish imkonini beradi.

So‘nggi yillarda TDTga aʼzo davlatlar transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, Kaspiy dengizi portlari quvvatini kengaytirish, temir yo‘l tarmoqlari va multimodal tashuvlarni rivojlantirishga faol investitsiya kiritmoqda. “Boku–Tbilisi–Kars” temir yo‘li bugunning o‘zida samarali misol bo‘lib, tranzit oqimini sezilarli darajada oshirdi va yuk yetkazib berish muddatini qisqartirdi.

“Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi ham alohida ahamiyatga ega. U O‘rta koridorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishni taʼminlab, savdo va mintaqaviy integratsiya uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Zangezur koridorini rivojlantirish va “Kars–Igdir–Araliq–Diluju” temir yo‘l liniyasi qurilishi ham qo‘shimcha turtki bermoqda.

Biroq infratuzilma ishning faqat bir qismi. Tashuv jarayonlarini soddalashtirish va chegaradan o‘tishni tezlashtirish ham muhim. Shuning uchun TDT doirasida e-Permit, e-CMR va e-TIR kabi raqamli yechimlar faol joriy etilmoqda. Ular chegara kesib o‘tish jarayonlarini tezlashtirish va maʼmuriy to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

e-Permit tizimi tashkilot doirasida muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. e-TIRni joriy etish ishlari aʼzo davlatlarning bojxona xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. e-CMR bo‘yicha ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Ozarbayjon va Turkiya pilot loyihalarni amalga oshirmoqda, Bishkekda imzolangan Anglashuv memorandumi esa mazkur mexanizmni kengaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.

Transport yo‘nalishi bilan bir qatorda investitsiya va iqtisodiy hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada asosiy vositalardan biri kapitali 600 million AQSH dollarini tashkil etuvchi Turkiy investitsiya jamg‘armasi bo‘ldi. Uning vazifasi o‘zaro investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va ayniqsa kichik hamda o‘rta biznes sohasidagi qo‘shma loyihalarni moliyalashtirishdan iborat.

Shu bilan birga, Turkiy davlatlar savdo-sanoat palatalari ittifoqi orqali biznes doiralari o‘rtasidagi hamkorlik kuchaymoqda. Biz bu tuzilmani yana-da samarali platformaga aylantirish uchun institutsional jihatdan rivojlantirish ustida ishlayapmiz.

O‘tgan yili tashkil etilgan “Turkic Investment Promotion Network” – Turkiy investitsiyalarni rag‘batlantirish tarmog‘i ham muhim yangi mexanizmga aylandi. U investitsiyaviy hamkorlik, innovatsiyalar va barqaror iqtisodiy o‘sishni rivojlantirishga qaratilgan.

TDT moliyaviy sohadagi hamkorlikni ham kengaytirmoqda. O‘tgan yili TDT Markaziy banklari kengashi va Turkiy “yashil” moliya kengashining dastlabki yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Bu platformalar moliyaviy texnologiyalar, to‘lov tizimlari, kapital bozorlari va barqaror iqtisodiyot sohalarida muvofiqlashuv uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Moliyaviy razvedka va monopoliyaga qarshi tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik ham rivojlantirilmoqda. Bu iqtisodiy muhitning shaffofligi va barqarorligini mustahkamlaydi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bishkek sammiti doirasida Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha sheriklik kelishuvining imzolanishi elektron tijoratni rivojlantirish va mamlakatlarimiz o‘rtasida raqamli tranzaksiyalarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Bu tashabbuslarning barchasi bitta umumiy maqsadga qaratilgan – turkiy makonni yana-da jipslashgan, raqobatbardosh va iqtisodiy jihatdan barqaror hududga aylantirish. Bugun biz TDT doirasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rib turibmiz.

– Turkiston sammitining markaziy mavzularidan biri sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish deb eʼlon qilindi. Sizningcha, raqamlashtirish turkiy makon integratsiyasining yangi drayveriga aylanishi mumkinmi?

– Ha, raqamlashtirish haqiqatan ham turkiy makon integratsiyasining asosiy drayverlaridan biriga aylanishi mumkin. Bugun raqamli texnologiyalar deyarli barcha sohalarga kirib borgan, shuning uchun TDT uchun bu kelajak kun tartibi emas, balki bugungi real voqelikdir.

Shu bois Turkistondagi bo‘lajak sammit mavzusi juda dolzarb. Biz raqamli transformatsiyani iqtisodiyotlarimiz raqobatbardoshligini oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va aʼzo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash vositasi sifatida ko‘rmoqdamiz.

Bugunning o‘zidayoq TDT doirasida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish va mamlakatlar o‘rtasida raqamli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Sunʼiy intellekt, texnologiya almashinuvi, startap-ekotizimlarni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada TDT davlatlarida jiddiy inson kapitali, taʼlimiy va texnologik salohiyat mavjud.

Eng muhimi, raqamlashtirish mamlakatlarimiz jamiyatlari o‘rtasidagi masofani qisqartirishga yordam bermoqda. Yoshlar raqamli muhit orqali tobora faol muloqot qilmoqda va aynan shu muhitda hamkorlikning yangi makoni shakllanmoqda.

Agar mavjud imkoniyatlarni samarali birlashtira olsak, raqamlashtirish yaqin yillarda turkiy makon integratsiyasining eng kuchli va uzoq muddatli drayverlaridan biriga aylanishi mumkin.

– TDT gumanitar hamkorlik yo‘nalishini ham faol kengaytirmoqda. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida umumiy madaniy va taʼlimiy makon qanday shakllantirilmoqda va yagona axborot muhitni yaratish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalar kutish mumkinmi?

– Bugun TDT gumanitar hamkorlik yo‘nalishini tobora kuchaytirmoqda. Bu ishlarning markazida amaliyotga yo‘naltirilgan va muntazam tus olgan yoshlar hamda taʼlim tashabbuslari turibdi. Jumladan, Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan III Turkiy universiadada 500 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Bu yoshlarning faol jalb etilayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Olmaotada Turkiy dunyo yoshlar markazining ishga tushirilishi, Toshkentda Diaspora yoshlari forumi, Gabalada Sport volontyorlari forumi va Istanbulda Turkiy Qizil tarmoq lageri kabi tashabbuslar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu yo‘nalishni davom ettirgan holda, joriy yilda Xivani Turkiy dunyo yoshlar poytaxti deb eʼlon qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlar markazini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Bularning barchasi mamlakatlarimiz yoshlari o‘rtasida jonli hamkorlik tarmog‘ini yaratmoqda.

Taʼlim sohasidagi hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada 170 dan ortiq oliy taʼlim muassasasini birlashtirgan Turkiy universitetlar ittifoqi – TURKUNIB muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonning 2025–2026-yillarda TURKUNIBga samarali raislik qilayotganini alohida taʼkidlash lozim.

“Orxun” akademik mobillik dasturi ham alohida ahamiyatga ega. U talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini taʼminlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va umumiy taʼlim makonini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Media va raqamli muhitning roli ham ortib bormoqda. Bugun TDT mamlakatlari yoshlari onlayn platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va qo‘shma axborot loyihalari orqali tobora faol muloqot qilmoqda. Bu esa turkiy dunyoning umumiy axborot makoni shakllanishiga xizmat qilmoqda.

Yoshlar, universitetlar, madaniy va gumanitar institutlar o‘rtasidagi aloqalar kengaygan sari turkiy dunyoning yagona madaniy va axborot makoni ham bosqichma-bosqich shakllanib bormoqda. Bu jarayon tabiiy va izchil tarzda – aniq loyihalar, institutsional hamkorlik va insonlar o‘rtasidagi jonli muloqot orqali rivojlanmoqda.

Eng muhimi, bu jarayon mustahkam tarixiy-madaniy asosga tayanadi. Masalan, O‘zbekiston turkiy sivilizatsiya va boy tarixiy merosning asosiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Samarqand, Buxoro, Xiva va Andijon kabi qadimiy shaharlar nafaqat tarixiy markazlar, balki turkiy dunyoning zamonaviy madaniy makonining muhim qismi hamdir.

Shu maʼnoda, 2026-yilda Andijonning Turkiy dunyo madaniy poytaxti deb eʼlon qilinishi ham ramziy ahamiyatga ega. Andijon boy tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot ruhini uyg‘unlashtirgan qadimiy shahar sifatida alohida o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan shu yil iyun oyi o‘rtalarida Andijon shahrida tegishli tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Andijonning yana bir muhim jihati – u buyuk turkiy sarkarda, davlat arbobi va mashhur shoir Zahiriddin Muhammad Boburning vatani ekanidir. Bobur shaxsi yoshlarimiz uchun har tomonlama barkamol avlod timsoli sifatida ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Shu tariqa, TDT doirasidagi gumanitar hamkorlik ikki yo‘nalishda – zamonaviy amaliy loyihalar va umumiy tarixiy-madaniy meros asosida rivojlanmoqda. Ular birgalikda turkiy dunyo mamlakatlari va xalqlarining yana-da yaqinlashuvi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish