Namangandagi Xalqaro gullar festivali Yangi O‘zbekistonning turizm brendiga aylanmoqda

May 15, 2026. 10:55 • 2 daq

96
Namangandagi Xalqaro gullar festivali Yangi O‘zbekistonning turizm brendiga aylanmoqda

VARSHAVA, 15-may. /“Dunyo” AA/. Polshaning taʼlim va turizmga ixtisoslashgan “Turystyka student news” portalida Namangan shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro gullar festivaliga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro gullar festivali shu yil 24-maydan 12-iyulgacha davom etadi. Festival munosabati bilan shaharda qariyb 5 million mavsumiy gul ko‘chatlari ekilib, shaharga bayramona qiyofa berildi.

Festivalning tantanali ochilish marosimi 24-may kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkaziladi. Shu kuni shahar ko‘chalarida gullar bilan bezatilgan avtomobillar karvoni yurishi, rang-barang paradlar va turli madaniy chiqishlar tashkil etiladi. Kechqurun “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mahalliy va xorijiy sanʼatkorlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etiladi.

Gullar bayrami davomida har kuni teatr tomoshalari, bolalar uchun qo‘g‘irchoq spektakllari, hunarmandchilik yarmarkalari, mahorat darslari va konsertlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. May oyi oxiri va iyun boshida simfonik konsertlar, retro musiqa kechalari, moda namoyishlari, lavanda festivali hamda mashhur xonandalar ishtirokida konsert bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 1-iyun kuni dronlar shousi ham tashkil etiladi.

Portalda taʼkidlanishicha, festival davomida sport muxlislari uchun motokross musobaqalari, milliy kurash bellashuvlari va boshqa xalqaro sport turnirlari o‘tkaziladi. Bioxilma-xillik, sunʼiy intellekt, turizm va iqtisodiyotga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar ham bo‘lib o‘tadi.

Tadbir doirasida gastronomik festivallar, yoshlar ekologiya aksiyalari, tanlovlar va bolalar uchun maxsus dasturlar ham tashkil etilishi belgilangan. Festival 12-iyul kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.

Bu yilgi festivalning eng muhim voqealaridan biri uning Ginness rekordlar kitobiga kiritilishi bo‘lishi mumkin. Ayni paytda bir oy ichida eng ko‘p gul ekish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Festival nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Polsha kabi mamlakatlardan keluvchi sayyohlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish