Latviya O‘zbekistonga 2026-yil uchun qo‘shimcha 6 ming xalqaro avtomobil yuk tashuv ruxsatnomasi ajratiladi
Iyul 15, 2026. 16:30 • 2 daq
• 107
RIGA, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. Riga shahrida O‘zbekiston va Latviya transport vazirliklari o‘rtasida Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari bo‘yicha Qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston delegatsiyasiga Transport vazirligining Xalqaro transportni tahlil qilish departamenti boshlig‘i Mirnosir Yusupov, Latviya delegatsiyasiga esa Avtomobil transporti direksiyasi boshqaruvi raisi Talivaldis Vektirans boshchilik qildi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Xususan, o‘zaro tranzit yuk tashuvlari hajmini oshirish, tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, logistika zanjirlari samaradorligini oshirish hamda Yevropa yo‘nalishidagi yuk oqimlarini diversifikatsiya qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar davomida o‘zbek milliy tashuvchilarining ehtiyojlarini qondirish maqsadida 2026-yil uchun O‘zbekiston tomoniga qo‘shimcha 6 ming dona xalqaro avtomobil yuk tashuv ruxsatnomasini ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu qaror milliy avtotransport operatorlarining Yevropa bozoridagi faoliyatini sezilarli darajada osonlashtiradi.
Bu kabi ruxsatnomalarning ko‘proq ajratilishi o‘zbek yuk tashuvchilarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi