YUNESKO O‘zbekiston bilan qo‘shma taʼlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi
Iyul 14, 2026. 18:30 • 2 daq
• 94PARIJ, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi Parijda YUNESKO Bosh direktorining taʼlim masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Syun Chen bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida taʼlim sohasini raqamli transformatsiya qilish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, innovatsion yechimlarni joriy etishni nazarda tutuvchi “Sunʼiy intellekt – maktab” loyihasini birgalikda amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar bolalarning erta rivojlanishi sohasida ilg‘or yondashuvlarni ommalashtirish va tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan YUNESKOning Maktabgacha taʼlim bo‘yicha mintaqaviy markazining Toshkentdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.
YUNESKO vakillari O‘zbekistonning ekologik taʼlimni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholadi. Qayd etilganidek, mamlakatimiz tashabbuslari barqaror rivojlanish va taʼlim tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha global kun tartibini ilgari surishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Uchrashuv davomida Syun Chen mazkur tashabbuslarni amalga oshirish hamda joriy yil aprel oyida imzolangan O‘zbekiston hukumati va YUNESKO o‘rtasidagi 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

