Oltoy Respublikasi O‘zbekiston hududlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga tayyor
Iyul 15, 2026. 17:00 • 2 daq
• 43
TOG‘LI OLTOY, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiya Federatsiyasi Oltoy Respublikasi hukumati raisi o‘rinbosari Irina Petrovskaya bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Oltoy Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Andrey Sigulev hamda mintaqa iqtisodiy rivojlanish vaziri vazifasini bajaruvchi Konstantin Borovix ishtirok etdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va savdo-iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Irina Petrovskayaning taʼkidlashicha, O‘zbekiston Oltoy Respublikasining asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi besh barobarga oshib, 8,5 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Rossiya tomoni O‘zbekistonga pant xomashyosidan tayyorlangan biofarmatsevtika mahsulotlari, fitomahsulotlar, asal va asalarichilik mahsulotlari, jun, momiq, pishloq, shuningdek, go‘sht va qandolat mahsulotlarini yetkazib berish hajmini kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, Oltoy bozorida sifatli o‘zbek meva-sabzavotlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab ortib borayotgani qayd etildi.
O‘z navbatida, Aslam Akbarov O‘zbekiston Oltoydan yirik shoxli qoramol, jumladan, nasldor mollar, shuningdek, ot va echkilar importini yana-da ko‘paytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga “Tog‘li Oltoy” zotli 2 300 bosh echki yetkazib berilgan bo‘lib, bu 2024-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki yarim barobar ko‘pdir.
Muloqot davomida turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Tomonlar Oltoy aholisi orasida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlariga qiziqish ortib borayotganini taʼkidlab, Tog‘li Oltoy aeroportida xalqaro terminalning ishga tushirilishi o‘zaro turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Oltoy Respublikasi Turizmni rivojlantirish boshqarmasi, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda ikki mamlakat turoperatorlari ishtirokida videokonferensiya tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi