Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda

Iyun 26, 2026. 18:30 • 5 daq

49
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda
Mundial-2026: tarixiy format, shiddatli bahslar, minglab tomoshabinlar bilan rekordlar yangilanmoqda

TOSHKENT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Ayni paytda jahondagi barcha sport muxlislarining diqqat-eʼtibori AQSH, Kanada va Meksika stadionlarida o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga qaratilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2026-yilgi FIFA Jahon chempionati futbol tarixida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, deyish mumkin. Ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etayotgan musobaqa nafaqat formati, balki ko‘lami, tomoshabinlar soni va raqobat darajasi bilan ham avvalgi mundiallardan keskin farq qilmoqda.

Yangi formatga muvofiq, mundialda jami 104 ta uchrashuv o‘tkaziladi. Bu esa 2022-yil Qatardagi jahon chempionatiga nisbatan qariyb 40 taga ko‘pdir. Shuningdek, musobaqa 39 kun davom etadi va tarixda birinchi marta bir vaqtning o‘zida uch davlat mezbonlik qilayotgan jahon chempionati sifatida ham tarixga kiradi.

Mundialning dastlabki bosqichlariyoq yangi formatning o‘zini oqlayotganini ko‘rsatdi. Guruh bahslarida kuchli terma jamoalar bilan bir qatorda avval unchalik eʼtibor markazida bo‘lmagan mamlakatlar ham yuqori saviyadagi o‘yin namoyish etdi. Bu esa futboldagi raqobat yil sayin kuchayib, qitʼalar o‘rtasidagi farq tobora qisqarayotganini anglatadi.

Yangi format pley-off bosqichida ham o‘zgarishlarni olib keldi. Ilk marta 32 jamoa ishtirok etadigan 1/16 final bosqichi joriy etildi. Endi guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar bilan birga, eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari ham chempionlik uchun kurashni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2026-yilgi mundial individual rekordlarga ham boy bo‘lmoqda. Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi o‘z faoliyatida oltinchi Jahon chempionatida maydonga tushgan tarixdagi ilk futbolchi bo‘ldi. U shuningdek, mundiallar tarixida eng ko‘p gol urgan (hozircha 18 ta) futbolchiga aylandi.

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu esa ketma-ket olti Jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchiga aylandi. Bu natija uning 40 yoshdan oshganiga qaramay, yuqori darajadagi barqarorligi va uzoq yillik faoliyatining yorqin namunasi hisoblanadi.

O‘zbekiston futboli uchun ham 2026 yilgi mundial tarixiy ahamiyat kasb etdi. Abbosbek Fayzullayev Kolumbiyaga qarshi bahsda bosh bilan gol urib, XXI asr Jahon chempionatlari tarixida bosh bilan gol urgan eng past bo‘yli (167 sm) futbolchi sifatida qayd etildi.

Shu bilan birga, meksikalik Gilyermo Ochoa oltinchi mundial tarkibiga kiritilgan ilk darvozabonga aylandi. Shuningdek, Luka Modrich, Manuel Noyer va Yuto Nagatomo kabi tajribali futbolchilar esa o‘zlarining beshinchi Jahon chempionatida ishtirok etib, yuqori saviyadagi barqaror faoliyatini yana bir bor namoyish etmoqda.

2026-yilgi Jahon chempionati futbol tarixidagi eng ko‘p tomoshabin jalb qilgan musobaqaga aylandi. Maʼlumotlarga ko‘ra, musobaqa boshlanganiga ikki hafta o‘tmay, AQSH, Meksika va Kanada maydonlarida o‘tkazilgan o‘yinlarni 3,6 milliondan ortiq muxlis jonli kuzatgan.

FIFA maʼlumotiga ko‘ra, Germaniya–Ekvador va Kot-d‘Ivuar–Kyurasao o‘yinlaridan keyin umumiy tashrif 3 million 605 ming 357 nafarga yetgan. Shu tariqa, avval 1994-yil AQSHda o‘rnatilgan 3 million 587 ming 538 tomoshabinlik rekord yangilandi.

Bu natija 2026-yilgi mundialni nafaqat sport, balki ommaviy madaniy hodisa sifatida ham yangi darajaga ko‘targanini ko‘rsatmoqda. Turnir hali 1/32 final bosqichiga ham to‘liq o‘tmagan bo‘lsa-da, tomoshabinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatib, tarixga kirdi.

Mutaxassislar fikricha, bunday yuqori tashrifning asosiy sabablaridan biri – turnir formatining kengaytirilib, 32 jamoadan 48 taga oshirilganidir. Bu esa guruh bosqichidagi o‘yinlar sonini ko‘paytirib, turli mintaqalar jamoalari ishtirokini kengaytirdi va futbolga bo‘lgan qiziqishni oshirdi.

Yana bir muhim omil – AQSHdagi zamonaviy va katta sig‘imli stadionlardir. Masalan, NFL arenalari (AQSHdagi professional futbol ligasi) 60–80 ming muxlisni qabul qila oladi, Nyu-Djersidagi “MetLife Stadium” esa 82 ming 500 tomoshabin sig‘imi bilan turnirning eng yirik maydonlaridan biri hisoblanadi. Shu stadionda o‘tkazilgan Germaniya–Ekvador o‘yinini 80 ming 663 kishi jonli tomosha qildi va bu umumiy rekordga katta hissa qo‘shdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, avvalgi mundialda – 2022-yil Qatardagi jahon chempionatida stadionlarning o‘rtacha sig‘imi 45 ming atrofida bo‘lgan. Shu sababli, 2026 yilgi turnirdagi tashrif darajasi keskin yuqori bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda 2026-yilgi jahon chempionati 99,7 foizlik stadion to‘lish darajasi bilan ham rekord o‘rnatmoqda. Bu ko‘rsatkich futbol muxlislarining global miqyosdagi qiziqishi juda yuqori ekanini ifodalaydi.

Shuningdek, ushbu mundial futbol tarixida eng ko‘p gol urilgan musobaqalardan biri sifatida qayd etilmoqda. Guruh bosqichi davomidayoq 2022-yil Qatar mundialida o‘rnatilgan 172 gollik rekord yangilanib, umumiy ko‘rsatkich 173+ golga yetdi.

Bunday yuqori samaradorlikni bir nechta omillar bilan izohlash mumkin. Birinchi navbatda, har bir o‘yinda o‘rtacha 2,9–3,0 gol qayd etilib, bu 1970-yilgi JCHdan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Bu esa o‘yinlar ochiq va hujumkor uslubda o‘tayotganini ko‘rsatadi.

2026-yilgi Jahon chempionatida gollar soni keskin oshishi bilan birga, “Golden Boot” (“Oltin butsa”) uchun kurash ham o‘ta qizg‘in tus olmoqda. Turnirning dastlabki o‘yinlaridayoq bir qator futbolchilar bombardirlar ro‘yxatiga kirib, chempionatning asosiy yulduzlariga aylanmoqda.

Hozircha Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi eng yaxshi bombardir sifatida yetakchilik qilmoqda. U Argentina terma jamoasining ikki o‘yinida kiritilgan barcha 5 golga mualliflik qilib, bitta xet-trik va bitta dubl qayd etdi. Shu bilan birga, norvegiyalik Erling Holand (4 ta), fransiyalik Kilian Mbappe (4 ta), braziliyalik Vinisius Junior (3 ta) ham “Oltin butsa” uchun asosiy daʼvogarlar qatorida qayd etilmoqda.

Jahon chempionatida guruh bosqichi yakunlangani sari pley-off o‘yinlari ham aniqlashib bormoqda. 26-iyun holatiga ko‘ra, 1/16 final bosqichi uchun bir qator muhim juftliklar shakllanib ulgurdi va ularning ayrimlari hozirdanoq turnirning qiziqarli uchrashuvlari sifatida baholanmoqda.

Hozircha maʼlum bo‘lgan eng diqqatga sazovor qarama-qarshiliklar qatorida Niderlandiya–Marokash, Braziliya–Yaponiya, JAR–Kanada hamda AQSH–Bosniya va Gersegovina uchrashuvlari alohida ajralib turibdi. Bu bahslarda Yevropa va Janubiy Amerika grandlari bilan bir qatorda Afrika, Osiyo va Shimoliy Amerika jamoalarining ham kuchli raqobati kuzatilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Germaniya, Shveysariya, Argentina, Meksika kabi terma jamoalar hozircha o‘z raqiblarini to‘liq aniqlab ulgurmagan. Pley-off bosqichida intriga doim bo‘lib kelgan, bu safar ham chempionatning kutilmagan “sensatsiya jamoalari” paydo bo‘lishi shubhasiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish