JCH-2026da O‘zbekiston o‘yinlarini xorijdagi vatandoshlar birgalikda tomosha qilishmoqda
Iyun 25, 2026. 14:00 • 4 daq
• 209TOSHKЕNT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. Futbol bo‘yicha FIFA-2026 Jahon chempionatida O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasidagi uchrashuv munosabati bilan xorijdagi qator shaharlarda milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, Qozog‘istonning Oqtov shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan o‘yin boshlanishidan oldin milliy futbol rivoji, uning xalqaro maydondagi yutuqlari va O‘zbekiston terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor FIFA Jahon chempionatiga chiqishiga bag‘ishlangan “O‘zbek futboli: orzu, sabr va g‘urur tarixi” hujjatli filmi o‘zbek diasporasi hamda “Mangistau TV” telekanali kabi ommaviy axborot vositalari vakillariga namoyish etildi.
Olmaotada Bosh konsulxona tomonidan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik korpus hamda BMT tuzilmalari vakillari ishtirokida o‘yinning jamoaviy tomoshasi tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yutug‘ini e’tirof etib, uning yuqori salohiyati va xalqaro maydondagi bo‘lajak muvaffaqiyatlariga ishonch bildirdi.
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Bosh konsulxona tomonidan o‘yinni birgalikda tomosha qilishga bag‘ishlangan do‘stlik kechasi tashkil etildi. Qatnashchilar O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqishi butun mintaqa uchun muhim voqea bo‘lganini va birodar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashning yana bir dalili ekanini ta’kidladi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida va Shimoliy-G‘arbiy federal okrugining boshqa shaharlarida Bosh konsulxona tashabbusi bilan ta’lim muassasalari, korxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlari hududlarida o‘yinning jamoaviy tomoshalari uyushtirildi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Ust-Luga, Petrozavodsk va Kaliningrad shaharlarini ham qamrab oldi. Ularda jami 850 nafarga yaqin kishi, jumladan, vatandoshlar, talabalar va turli davlatlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini katta qiziqish bilan kuzatdi, uchrashuvlar muhiti esa birdamlik, do‘stlik va jamoani qo‘llab-quvvatlash tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rildi.
O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasida mamlakatda bo‘lib turgan vatandoshlar ishtirokida o‘yinning jamoaviy tomoshasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida o‘zbek futboli rivojiga bag‘ishlangan hujjatli film ham namoyish etildi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga konsullik xizmatlari va xorijdagi fuqarolarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Bosh konsulxona tashabbusi bilan Germaniyaning Frankfurt-Mayn va Myunxen shaharlarida o‘zbek diasporasini jipslashtirish va vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan o‘yinni birgalikda tomosha qilish tadbirlari tashkil etildi.
Frankfurt-Mayndagi tadbirda “Humo” jamiyati a’zolari va qator oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirok etgan bo‘lsa, Myunxenda ochiq osmon ostida tashkil etilgan jamoaviy tomosha 200 dan ortiq kishini birlashtirdi. Tadbirlar davomida milliy taomlar tortiq qilindi, shuningdek, esdalik suvenirlari va milliy terma jamoa atributikalari sovrin sifatida o‘ynaldi.
O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasida vatandoshlar ishtirokida o‘yinni birgalikda tomosha qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonning sport sohasidagi yutuqlari, mamlakatning ortib borayotgan xalqaro nufuzi va sport diplomatiyasining ahamiyati qayd etildi. Mehmonlar uchun milliy taomlardan iborat dasturxon yozilib, bu samimiy va do‘stona muhit yaratdi.
Fransiyada elchixona tashabbusi bilan Parij shahrida fan-zona tashkil etilib, u yerda o‘yinni birgalikda tomosha qilish mamlakatning turli hududlaridan kelgan diplomatlar, talabalar va vatandoshlarni birlashtirdi. Ishtirokchilar milliy terma jamoani faol qo‘llab-quvvatlab, bu kabi tadbirlarning vatan bilan aloqalarni mustahkamlash va xorijda O‘zbekistonning ijobiy imijini ilgari surishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.
Londonda va Buyuk Britaniyaning boshqa shaharlarida O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida fan-zonalar tashkil etilib, ular diplomatik korpus, Britaniyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari, xalqaro tashkilotlar vakillari, vatandoshlar hamda talabalardan iborat 500 dan ortiq ishtirokchini jamladi. O‘yin boshlanishidan avval o‘zbek futboli rivoji haqida hujjatli film namoyish etildi. Tadbirlar milliy terma jamoaga bo‘lgan yuqori qiziqish va faol qo‘llab-quvvatlash muhitida o‘tdi.
Isroilda elchixona tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yiniga bag‘ishlangan tadbirlar majmui, jumladan, Tel-Aviv, Ramat-Gan, Petax-Tikva, Xolon va Quddus shaharlaridagi oltita maydonda onlayn translyatsiyalar, shuningdek, “Kan 11” telekanalida intervyu va o‘zbek futboli tarixi haqidagi hujjatli film taqdimoti uyushtirildi. Tadbirlar birdamlik, vatanparvarlik va milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tib, O‘zbekistonning Jahon chempionatiga tarixiy chiqishi va mamlakat sport diplomatiyasi rivojining ahamiyatini yaqqol namoyon etdi.
Qatar poytaxti Doha shahrida elchixona tashabbusi bilan vatandoshlar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinini birgalikda tomosha qilish uchun yig‘ildi. Ishtirokchilar Jahon chempionatida ilk bor qatnashadigan jamoani faol qo‘llab-quvvatlab, bu kabi uchrashuvlarning vatan bilan aloqalarni mustahkamlash va diasporani jipslashtirishdagi muhim ahamiyatini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuvlar nafaqat milliy terma jamoaning chiqishlarini kuzatish imkonini beradi, balki xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlashga, ijtimoiy aloqalarni kengaytirishga va barqaror milliy g‘urur tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi hamda ularning vatan bilan ma’naviy bog‘liqligini kuchaytiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









