Anna Vasilyeva: Markaziy Osiyo tinchlik va yadro xavfsizligini mustahkamlashning jahon namunasiga aylanmoqda

Iyun 26, 2026. 18:00 • 3 daq

84
Anna Vasilyeva: Markaziy Osiyo tinchlik va yadro xavfsizligini mustahkamlashning jahon namunasiga aylanmoqda

TOSHKENT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi Midlberi xalqaro tadqiqotlar instituti “Monterey tashabbusi” direktori Anna Vasilyeva bugun “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadro qurolini tarqatmaslikdan xatarlarni boshqarishgacha” mavzusida o‘tkazilgan Yadro qurolidan xoli hudud bo‘yicha Toshkent muloqotida nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Anna Vasilyeva o‘z nutqida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud yaratish g‘oyasining shakllanishiga turtki bo‘lgan aynan O‘zbekistonda forum o‘tkazilayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston tomonidan BMTda ilk bor ilgari surilgan tashabbus keyinchalik mintaqaning barcha davlatlarini birlashtirgan jarayonni boshlab bergan.

U 1997-yilda aynan Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari ushbu tashabbusni muhokama qilish uchun ilk bor to‘planganini, oradan yillar o‘tib esa kelishuv yuzlab yadro sinovlarini boshdan kechirgan hudud – Semipalatinskda imzolanganini yodga oldi. Shuningdek, dunyodagi eng yirik yadro arsenallaridan biridan ixtiyoriy ravishda voz kechgan va Semipalatinsk sinov poligonini yopgan Qozog‘istonning o‘rni alohida qayd etildi.

Anna Vasilyevaning taʼkidlashicha, yadroviy quroldan xoli hududning barpo etilishi barcha ishtirokchilar tomonidan izchil bajarilgan xalqaro majburiyatning noyob namunasi bo‘ldi. U bu jarayonni nafaqat siyosiy yutuq, balki mintaqaning tarixiy shifo topishi yo‘lidagi muhim qadam deb atadi.

“Monterey tashabbusi” direktori Markaziy Osiyoni “Tinchlikning tektonik plitasi” deya taʼriflab, bugungi kunda mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va konstruktiv hamkorlik makoniga aylanib borayotganini qayd etdi. Uning bahosiga ko‘ra, Markaziy Osiyo geosiyosiy raqobat obyektidan tinch-totuv yashash madaniyati va global yadroviy qurolsizlanishni ilgari suruvchi yetakchilardan biriga aylanmoqda.

Maʼruzada yosh avlod masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Anna Vasilyeva aynan muloqotning bugungi yosh ishtirokchilari yaqin yillarda muhim qarorlarni qabul qilishiga, kelajak yetakchilarining eng muhim burchi esa tinchlikni asrash bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, u mutaxassis olimlar, diplomatlar, yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha mutaxassislar, nazoratchilar, inspektorlar va xalqaro majburiyatlar bajarilishini taʼminlaydigan barchaning kundalik mashaqqatli mehnatisiz tinchlikka erishib bo‘lmasligini urg‘uladi. Uning qayd etishicha, tinchlik nafaqat siyosiy iroda va xalqaro kelishuvlarni, balki doimiy kasbiy masʼuliyatni ham talab qiladi.

Anna Vasilyeva so‘zi yakunida Toshkentda tug‘ilib, mintaqa davlatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli ro‘yobga chiqqan g‘oya bugun birlik va umumiy masʼuliyat ramzi sifatida O‘zbekiston poytaxtiga qaytib kelayotganini taʼkidladi.

U Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud tashkil etilganining yubileyi nafaqat yakunlarni sarhisob qilish uchun sabab, balki mintaqa davlatlarining tinchlik, xavfsizlik va yadro qurolini tarqatmaslik rejimini mustahkamlashga sodiqligi o‘zgarmasligining tasdig‘i bo‘lishiga umid bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish