Varshavada “Choy festivali” doirasida o‘zbek madaniyati targ‘ib qilindi
May 12, 2026. 09:55 • 2 daq
• 20VARSHAVA, 12-may. /“Dunyo” AA/. Polsha poytaxtida Osiyo va Tinch okeani muzeyi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning madaniy va turistik salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan “Choy festivali” o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu madaniy-maʼrifiy tadbir Osiyo xalqlarining boy madaniy merosini targ‘ib qilish, xalqlar o‘rtasida muloqot va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Unda diplomatik korpus vakillari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari, madaniyat va sanʼat sohasi mutaxassislari, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Festival doirasida muzeyning O‘zbekiston ekspozitsiyasi masʼuli Karolina Kshiviska va elchixona diplomatlari tomonidan o‘zbek choy madaniyatining boy anʼanalari taqdim etildi.
Xususan, choyxona fenomeni muhim ijtimoiy makon sifatida alohida taʼkidlandi. Qayd etilganidek, O‘zbekistonda choyxona nafaqat choy ichiladigan joy, balki o‘ziga xos muloqot muhiti hamdir. Bu yerda insonlar do‘stona suhbat quradi, yangiliklar bilan o‘rtoqlashadi va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, choy madaniyati bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan o‘zbek gastronomiyasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mehmonlarga milliy mehmondo‘stlik anʼanalarini o‘zida aks ettirgan taomlar va dasturxon madaniyati namoyish etildi.
Tadbir davomida anʼanaviy hunarmandchilik, xususan, Farg‘ona vodiysi kulolchilik maktablari haqida ham maʼlumot berildi. Ishtirokchilar o‘zbek kulollarining mahorati va choy tortishda qo‘llaniladigan anʼanaviy idishlarni tayyorlashdagi o‘ziga xos uslublar bilan tanishdi.
Festival doirasida turli maʼruzalar, master-klasslar va taqdimotlar o‘tkazildi. Ularda choy turlari, uni tayyorlash usullari, Osiyo mamlakatlaridagi choy ichish anʼanalari va marosimlari haqida so‘z yuritildi. Choy nafaqat ichimlik, balki muhim madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy fenomen ekani taʼkidlandi.
Tadbir O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yana-da mustahkamlash, O‘zbekistonning boy milliy merosiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Kanju shahrida madaniyat va turizmga bag‘ishlangan ko‘rgazmada ishtirok etdi

Nyu-Yorkdagi “Carnegie Hall” sahnasida taniqli o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimovning konsert dasturi o‘tkazildi








