Turkistonda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

May 12, 2026. 09:00 • 2 daq

102
Turkistonda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Turkistonda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Turkistonda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

TURKISTON, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi delegatsiyasi Turkiston viloyatiga amaliy tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida diplomatlar viloyat hokimi Nuralxan Kusherov, “Atameken” Milliy tadbirkorlar palatasi vakillari, hudud biznes doiralari hamda viloyatda yashovchi vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Viloyat rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Hokim Turkiston viloyati Qozog‘istonning eng jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri ekanini ta’kidladi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, viloyat iqtisodiyotining o‘sishi qariyb 14 foizni tashkil etgan, investitsiyalar hajmi 3,8 milliard AQSH dollariga yetgan, O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi esa 560 million dollarni tashkil qilgan.

Tomonlar o‘zbek sheriklari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalariga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, go‘sht ishlab chiqarish, akvakultura va tomchilatib sug‘orish tizimlari sohalaridagi loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi loyihasini amalga oshirish jarayoni va uni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv davomida chorvachilik, sanoat kooperatsiyasi va turizm sohalarida istiqbolli yo‘nalishlarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Viloyatning “Atameken” tadbirkorlar palatasida hudud ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Ular o‘zbek sheriklari bilan hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.

Muhokamalar chog‘ida yuklarni O‘zbekiston hududi orqali tranzit qilish, tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha hisob-kitoblar va chegara o‘tkazish punktlaridan o‘tish masalalari ko‘tarildi. Barcha murojaatlar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi hamda Qozog‘istondagi O‘zbekiston elchixonasi bilan doimiy hamkorlikni saqlab turishga kelishib olindi.

Yurtimiz diplomatlari Turkiston viloyatida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashdi. Uchrashuv qatnashchilari madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, turistik almashinuvni rivojlantirish, o‘zbek tili va madaniyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek qo‘shma jamoatchilik va ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish