YUNESKO bosh qarorgohida nishonlangan Xalqaro Vesak kunida O‘zbekiston tashkilotchi sifatida qatnashdi
May 07, 2026. 09:00 • 2 daq
• 385PARIJ, 7-may. /“Dunyo” AA/. YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Xalqaro Vesak kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbirda O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi ilk bor 14 ta davlat delegatsiyasi bilan birgalikda hamkor tashkilotchi sifatida ishtirok etdi.
Bayramda YUNESKOga aʼzo davlatlar vakillari, diplomatik korpus namoyandalari, shuningdek, taniqli madaniyat va sanʼat arboblari qatnashdi.
O‘zbekiston tomonining ishtiroki YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasi qarorlarini amalga oshirishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur tadbirlarni o‘tkazish masalasi o‘tgan yil noyabr oyida Bosh konferensiya kun tartibiga kiritilgan hamda YUNESKO Ijroiya kengashi qarorlari asosida ko‘rib chiqilgan. Bu esa xalqaro hamjamiyatning madaniyatlararo muloqot, o‘zaro tushunish va hurmatni mustahkamlashga bo‘lgan eʼtibori ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida tinchlik, o‘zaro hurmat va uyg‘un yashash kabi umuminsoniy qadriyatlar, shuningdek, madaniy xilma-xillikni saqlash va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Markaziy Osiyodagi maʼnaviy va madaniy almashinuvlarning qadimiy markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Surxondaryo viloyati hududida joylashgan, ko‘p asrlik diniy va madaniy hamjihatlik anʼanalarini aks ettiruvchi noyob buddaviylik arxeologik majmualari – Qora-tepa, Fayoztepa va Dalvarzintepa haqida maʼlumotlar berildi.
Ushbu obyektlarni asrab-avaylash va keng targ‘ib etish madaniy-maʼrifiy turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy merosiga xalqaro qiziqishni oshirish hamda yangi sayyohlik yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va o‘zaro anglashuv g‘oyalarini targ‘ib qilish, mamlakatning turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston milliy taomlari taqdimoti madaniy dasturning ajralmas qismiga aylandi. Jumladan, ishtirokchilarga 2016-yilda YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan anʼanaviy o‘zbek palovidan tatib ko‘rish imkoniyati yaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

