Sankt-Peterburg xalqaro kitob yarmarkasida ilk bor O‘zbekiston milliy stendi taqdim etildi
May 31, 2026. 14:30 • 2 daq
• 13SANKT-PETERBURG, 31-may. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan XXI Xalqaro kitob yarmarkasi doirasida O‘zbekiston milliy stendi ilk bor keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashabbus mamlakatimiz Bosh konsulxonasi, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi hamda “Asian Book House”nashriyoti tomonidan, shuningdek, Sankt-Peterburg hukumati ko‘magida hayotga tatbiq etildi.
Anjumanning markaziy “A” pavilyonida, Sankt-Peterburg va Belarus davlat stendlari hamda festivalning faxriy mehmoni bo‘lgan Vyetnam pavilyoni bilan yonma-yon joylashgan O‘zbekiston stendidan yurtimiz ijodkorlarining eng sara asarlari o‘rin oldi.
Festival doirasida “Asian Book House”rahbari Viktoriya Gayratova va Xalqaro bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi (IBBY) O‘zbekiston milliy seksiyasi ijrochi direktori Veronika Ahmedova ishtirokida “O‘zbekiston noshirlik tizimi: hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar”mavzusida mazmunli taqdimot o‘tkazildi.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda xususiy nashriyotlar bozori yiliga 40 foizlik barqaror o‘sishni namoyish etmoqda va yillik kitoblar tiraji 12 mingdan ziyod yangi asarlar bilan boyimoqda. Shuningdek, tadbirda o‘zbek mualliflarining 3 ta kitobi ilk bor “IBBY Honour List 2026” (Xalqaro faxriy ro‘yxat-2026) tarkibiga kiritilgani katta mamnuniyat bilan eʼlon qilindi.
Ishchi tashrif davomida o‘zbek delegatsiyasi A.S.Pushkin nomidagi Sankt-Peterburg markaziy bolalar kutubxonasi direktori Svetlana Korolyova bilan istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildi, shuningdek, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti huzuridagi O‘zbek madaniy markazida vatandosh talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra, stendda o‘zbek mualliflarining ko‘plab kitoblari sotildi, qolgan 130 dan ortiq nodir nashrlar esa kelgusi madaniy tadbirlarda foydalanish uchun Bosh konsulxona fondiga beg‘araz topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi









