Navoiy viloyati va Belarus hududlari o‘rtasida sanoat hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Avgust 23, 2026. 10:00 • 2 daq
• 88MINSK, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida Minsk va Gomel viloyatlari, shuningdek, mamlakatning yirik sanoat korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Unda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Minsk viloyati bilan hamkorlik doirasida o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani qayd etilib, yanvar–iyun oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 125 million dollardan oshgani e’tirof etildi.
Shu o‘rinda, so‘nggi yillarda Gomel viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash uch barobarga ortgani ta’kidlandi. Muzokaralar yakunida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Muloqot davomida hamkorlikning ijtimoiy sohadagi yo‘nalishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Gomel davlat tibbiyot universiteti va Navoiy davlat universiteti, shuningdek, ikki hududning sog‘liqni saqlash sohasiga mas’ul idoralari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar imzolandi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri sanoat kooperatsiyasi bo‘ldi. “BELAZ” korxonasida o‘tkazilgan uchrashuvda Navoiy kon-metallurgiya kombinati ehtiyojlari uchun maxsus texnika yetkazib berish va tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. NKMKda yuk ko‘tarish quvvati 30 tonnadan 240 tonnagacha bo‘lgan “BELAZ” karer samosvallaridan foydalanilayotgani qayd etildi.
Minsk traktor zavodida O‘zbekistonda “BELARUS” traktorlarini birgalikda ishlab chiqarish loyihasini kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Tomonlar hamkorlikni kengaytirish doirasida 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekistonga kamida 2 mingta traktor komplektini yetkazib berishga kelishib oldilar.
Mazkur kelishuvlar Navoiy viloyati va Belarus o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqish, ishlab chiqarish salohiyatidan samarali foydalanish va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



