Misrning kompaniyasi Surxondaryoda qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

Avgust 22, 2026. 18:00 • 2 daq

146
Misrning kompaniyasi Surxondaryoda qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

QOHIRA, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Misrning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Daltex” kompaniyasi vakillari hamda Surxondaryo viloyati hokimligi mas’ul xodimlari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot jarayonida “Daltex” menejerlari Muhammad Mustafo va Toriq Navara qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama aloqalarni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilari va “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi rahbariyati Sherobod tumanida joylashgan 940 gektar maydondagi “Surxon-Agro” EIZda infratuzilma va agrosanoat loyihalarini namoyish qildi. Shu bilan birga, viloyatning qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Vakillarimiz Surxondaryo iqlimi, kartoshka va uzum yetishtirish bo‘yicha imkoniyatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. “Surxon-Agro” EIZdan tashqari, viloyatning boshqa 14 ta tumanida ham ekin ekish uchun mos maydonlar xususida so‘z yuritildi.

Misrlik mutaxassislar O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgani, mahalliy iqlim sharoiti, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi imkoniyat va shart-sharoitlardan xabardorligini ma’lum qildi.

Surxondaryo viloyatining qishgi sovuq iqlim sharoitida sitrus mevalarni ochiq maydonda yoki issiqxonalarda yetishtirish katta xarajatlarni talab qilishini inobatga olib, hamkorlikning asosiy yo‘nalishi sifatida kartoshka va mahalliy bozorda talabi yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlarni yetishtirish imkoniyatiga e’tibor qaratildi.

Qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida to‘xtalib, bu kabi loyihalarning muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun viloyatdagi xususiy sektor vakillari, kompaniyalar va tadbirkorlar bilan B2B formatidagi hamkorlikni olib borish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Surxondaryo viloyatida Misr tajribasi asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash, “Surxon-Agro” EIZda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, yetishtirilgan mahsulotlarni xorijga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish