Toshkentda IV O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi ish boshladi
Avgust 22, 2026. 16:00 • 3 daq
• 117
TOSHKENT, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda IV O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Forumda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov, shuningdek, ikki mamlakat taraqqiyot institutlari hamda ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat 420 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va siyosiy iroda tufayli O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik tobora aniq iqtisodiy mazmun bilan boyib bormoqda. Forumning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida o‘tkazilayotgani esa uning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
So‘nggi o‘n yil davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 26 barobarga oshib, 2025-yil yakuniga kelib 795 million dollarga yetdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 260 ga yaqin korxona, Ozarbayjonda esa O‘zbekiston kapitali ishtirokida 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi investitsiya va savdo loyihalarining umumiy portfeli 10 milliard dollardan oshdi.
Hamkorlikni yanada kengaytirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida hududlararo aloqalarni rivojlantirish belgilab olindi. Forum arafasida O‘zbekiston hududlari rahbarlarining Ozarbayjonga xizmat safari tashkil etilib, u yerda mahalliy hokimliklar va biznes vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi hamda yangi qo‘shma tashabbuslar muhokama qilindi.
Shuningdek, sanoat va xomashyoni chuqur qayta ishlash, agrosanoat majmuasi, to‘qimachilik, turizm, savdo va logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Agrosanoat yo‘nalishida bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat ishlab chiqarish va zamonaviy sovitish infratuzilmasini rivojlantirish istiqbolli sohalar sifatida qayd etildi.
To‘qimachilik tarmog‘ida ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish, Ozarbayjonning transport-logistika imkoniyatlari va O‘rta yo‘lak salohiyatidan foydalangan holda mahsulotlarni Yevropa bozorlariga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Turizm sohasida amalga oshirilayotgan mehmonxona, sayyohlik va shaharsozlik loyihalari yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish, kurort infratuzilmasini rivojlantirish va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Forumning amaliy qismi B2B va G2B formatlaridagi uchrashuvlar bilan davom etdi. Unda hududlar, davlat idoralari va biznes vakillari aniq investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma amaliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish taklif etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi