Pokistonlik investorlar Qoraqalpog‘istonda 500 ming dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Noyabr 11, 2026. 14:30 • 3 daq

• 9
Pokistonlik investorlar Qoraqalpog‘istonda 500 ming dollarlik loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

ISLOMOBOD, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida pokistonlik investorlar Muhammad Faisal Ikramullah va Rehman Aziz Xonning O‘zbekistonga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan iborat bo‘ldi.

Biznes-missiya doirasida Pokiston ishbilarmon doiralari vakillari Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishdi. Xorijiy investorlarni Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov qabul qildi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yangi ishlab chiqarish va logistika loyihalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Xususan, pokistonlik investorlar ishtirokida hududda umumiy qiymati 500 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi investitsiya dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar mazkur tashabbus doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar yo‘nalishlari, mavjud imkoniyatlar va hamkorlikning amaliy mexanizmlari yuzasidan fikr almashdi.

Muzokaralar chog‘ida istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.

Tashrif davomida xorijiy investorlar Pokistondan Qoraqalpog‘istonga muzlatilgan halol mol go‘shtini yetkazib berish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Shu maqsadda mahalliy importchilar va salohiyatli hamkorlar bilan mahsulot yetkazib berish, saqlash va taqsimlash jarayonlarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Delegatsiya vakillari Nukus shahridagi sovutkichli omborxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 100 tonna sig‘imga ega sovutkichli ombor tashkil etish, Nukus xalqaro aeroportidagi “yashil koridor” imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichida 25 bosh qoramolni qamrab oladigan pilot loyihani ishga tushirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi. Loyihani amalga oshirish doirasida chorvachilik uchun zarur yaylovlar, ozuqa bazasi va yer maydonlarini ajratish, veterinariya xizmatini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish nazarda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30-iyun – 4-iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi Farhod Ermanov boshchiligidagi delegatsiya Pokistonda bo‘lgan edi. 

Tashrif davomida pokistonlik yetakchi investorlar bilan Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, chorvachilik va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan samarali muzokaralar o‘tkazilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish