Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasida xalqaro transport yo‘laklarining samarali tizimi yaratilmoqda
Noyabr 25, 2026. 10:00 • 3 daq
• 21
ASHXOBOD, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar institutida “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon qit’alararo xalqaro transport yo‘nalishlarining kelajakdagi imkoniyatlari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Butunjahon barqaror transport kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, rektor Gulshat Yusupova boshchiligidagi institut vakillari, Turkmaniston Muhandislik-texnik va transport kommunikatsiyalari instituti, “Turkmaniston transport-logistika markazi” OAJ, “Turkmen logistika” uyushmasi xodimlari hamda talabalar ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov rasmiy Toshkentning mintaqada yagona transport-logistika makonini shakllantirish va uning tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi yondashuvlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Elchi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining yettinchi hamda sakkizinchi Maslahat uchrashuvlarida ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratdi.
Xususan, hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzish, “yashil” yo‘laklarni rivojlantirish, amaldagi va qurilayotgan magistrallarni tizimli ravishda bog‘lash, transport arteriyalari bo‘ylab ishlab chiqarish hamda sanoat-logistika zonalarini tashkil etish kabi tashabbuslar dolzarb ahamiyatga ega.
Ma’ruzada mintaqaning yetakchi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga alohida urg‘u berildi. Ishga tushirilishi yillik yuk tashish hajmini 15 million tonnagacha oshirish imkonini beradigan “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishining strategik ahamiyati xususida fikr almashildi. Ushbu yo‘lning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Hind okeani portlariga eng qisqa chiqish yo‘lini ochib beruvchi “Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar” Transafg‘on yo‘lagi bilan istiqbolda tutashtirilishi muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston diplomati G‘arbiy yo‘nalishdagi marshrutlarni diversifikatsiya qilish haqida so‘z yuritib, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi (O‘rta yo‘lak)ning o‘rnini alohida qayd etdi. Bu borada O‘zbekiston tariflar va tranzit qoidalarini uyg‘unlashtirish, Kaspiy va Qora dengiz portlari – Oqtov, Turkmanboshi, Boku, Poti va Anakliya imkoniyatlaridan foydalanish ko‘lamini izchil kengaytirmoqda.
O‘zbekistonning sohani raqamlashtirish va tranzitni xalqaro-huquqiy jihatdan ta’minlashga oid tashabbuslari, xususan, Transport va tranzit to‘g‘risidagi mintaqaviy bitimni ishlab chiqish, IHT doirasida Raqamli transport va bojxona idorasini ta’sis etish hamda BMT shafeligida dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni tayyorlash bo‘yicha takliflari taqdim etildi.
Konferensiya ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik xalqaro transport yo‘laklarining samarali va o‘zaro bog‘liq tizimini yaratish uchun ishonchli asos bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi