Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga tashrifi iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi

Noyabr 25, 2026. 08:10 • 3 daq

• 85
Anqaradan munosabat: O‘zbekiston Prezidentining Iordaniyaga tashrifi iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi

ANQARA, 25-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yevroosiyo iqtisodiy aloqalar jamg‘armasi (EkoAvrasya) rahbari Hikmet Eren “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 23–24-noyabr-kunlari Iordaniyaga amalga oshirgan davlat tashrifi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Mazkur tashrif Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishda ham alohida ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xorijiy investitsiyalarni jalb etish va xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida izchil siyosat olib bormoqda. Bu jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi va xorijiy ishbilarmon doiralar bilan bevosita muloqoti muhim o‘rin tutmoqda.

Davlat rahbari investorlar bilan uchrashib, ularning takliflarini o‘rganadi, aniq loyihalarni muhokama qiladi va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga e’tibor qaratadi.

Bunday yondashuv xorijiy sarmoyadorlarga ishonch bag‘ishlash bilan birga, mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan texnologiyalar, tajriba va yangi ishlab chiqarish imkoniyatlarini jalb etishga xizmat qilmoqda. Masalan, yaqinda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmazning tashrifi doirasida ushbu mamlakatning 200 dan ortiq kompaniya va banklari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv O‘zbekistonning xalqaro biznes hamkorligini rivojlantirishga intilishini yaqqol namoyon etdi.

O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida ham sanoat, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, farmatsevtika, tibbiyot texnologiyalari va logistika sohalarida hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjud. Ikki mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini birlashtirish qo‘shma korxonalar tashkil etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish uchun zamin yaratadi.

Iordaniyada Turkiyaning “GAMA”, “MAPA”, “Özaltın” kabi kompaniyalari tomonidan suv ta’minoti va infratuzilma sohalarida amalga oshirilgan loyihalar xorijiy biznesning mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rnini ko‘rsatadi. Bu tajriba o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun ham yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn o‘rtasidagi muzokaralar ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlaydi. Qolaversa, siyosiy muloqot natijalari aniq investitsiya loyihalari, yangi korxonalar, ish o‘rinlari va barqaror savdo aloqalarida o‘z ifodasini topadi.

Eng muhimi, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishi nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasidagi mintaqaviy aloqalarning mustahkamlanishiga ham xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish