Per Basten: O‘zbek tili turkiy tillar oilasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega
Oktabr 21, 2026. 10:30 • 2 daq
• 50
BRYUSSЕL, 21-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Markaziy Osiyo va turkiy mamlakatlar tarixi va madaniyati bo‘yicha belgiyalik ekspert Per Basten “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida xalqimizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi:
– 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan barcha o‘zbekistonliklarni samimiy tabriklayman.
Turkiy tillar bo‘yicha mutaxassis sifatida o‘zbek tilini nafaqat boy tarix va madaniy merosga ega, balki butun turkiy tillar oilasini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadigan muhim til deb hisoblayman.
O‘zbek tilida qirg‘iz, qozoq, tatar, turkman, ozarbayjon va turk tillari bilan mushtarak bo‘lgan ko‘plab lingvistik xususiyatlarni uchratish mumkin. Bu uni turkiy tillarning o‘zaro bog‘liqligi va tarixiy taraqqiyotini anglashda muhim vositaga aylantiradi.
Ayniqsa, turkiy tillarning tarixiy ildizlari Markaziy Osiyo bilan chambarchas bog‘liq ekanini inobatga olsak, o‘zbek tilini o‘rganish ushbu tillar tarixi, rivojlanishi va o‘ziga xos jihatlarini yanada chuqurroq tushunish imkonini beradi.
Belgiya, Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlarida o‘zbek tilini universitetlar darajasida o‘qitish, muntazam til kurslarini tashkil etish hamda uni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish muhim, deb bilaman.
Barcha o‘zbek tili ixlosmandlarini ushbu bayram bilan muborakbod etaman hamda o‘zbek tilining xalqaro nufuzi yanada yuksalib, uni xorijiy mamlakatlarda o‘rganish va o‘qitish borasida yangi imkoniyatlar yaratilishiga tilakdoshman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi