O‘zbekiston Prezidenti raisligida favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va suv omborlari xavfsizligini ta’minlash choralari muhokama qilindi

Oktabr 20, 2026. 20:27 • 3 daq

• 18
O‘zbekiston Prezidenti raisligida favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish va suv omborlari xavfsizligini ta’minlash choralari muhokama qilindi

TOSHKENT, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini takomillashtirish, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanishni tartibga solish hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shaharlarning kengayishi, texnologik rivojlanish va iqlim o‘zgarishi qutqaruv xizmati oldiga yangi vazifalar qo‘ymoqda. Ayni paytda ayrim yong‘in-qutqaruv qismlarining joylashuvi, binolari va texnikasi tezkor yordam ko‘rsatish talablariga to‘liq javob bermaydi.

Davlatimiz rahbari tizimni yangilashda asosiy mezon inson hayotini saqlab qolish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Buning uchun “oltin daqiqa” qoidasini amaliyotga joriy etib, shahar hududlarida qutqaruvchilarning yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqaga, shahar markazlaridan tashqari hududlarda esa 15-20 daqiqaga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Aholisi 250 mingdan ortiq tuman va shaharlardagi 25 ta yong‘in-qutqaruv qismini qayta tashkil etish va zamonaviy texnika bilan ta’minlash rejalari haqida axborot berildi. Shuningdek, murakkab sharoitlarda ishlaydigan “Madad” milliy ko‘p tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, aviatsiya-qutqaruv bo‘limi hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif etildi.

“112” yagona dispetcherlik xizmati faoliyatini takomillashtirish, murojaat kelib tushgan paytdan uning ijrosigacha bo‘lgan jarayonni kuzatish, tegishli xizmatlar o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sohada raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan kengroq foydalanish zarurligi qayd etildi.

Suv omborlarida qutqaruv xizmatini kengaytirish zarurligi ham ta’kidlandi. Mavjud 56 ta suv omborining faqat to‘rttasida bunday xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois, “Karkidon” suv ombori misolida professional qutqaruv tizimini tashkil etish taklifi bildirildi. Qutqaruvchilarni tayyorlash texnikumida dual ta’lim asosida qutqaruvchi-g‘avvoslar tayyorlash, turizm obyektlari xodimlarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va birinchi yordam ko‘rsatishga o‘qitish rejalashtirilmoqda.

Suv omborlaridan turizm maqsadida foydalanish imkoniyatlari ham ko‘rsatib o‘tildi. Hozircha beshta suv omborida turizm tashkil etilgan, yana 25 tasida bunday xizmatlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati bor. Mazkur hududlarga investitsiya jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi mumkin.

Bunda xavfsizlik talablari ustuvor bo‘lishi ta’kidlandi. Turistik xizmatlarni sertifikatlash, tadbirkorlarning professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma tuzishini majburiy etib belgilash, dam olish maskanlarini qutqaruv qayiqlari, kuzatuv minoralari va suv chuqurligini ko‘rsatuvchi belgilar bilan jihozlash taklif qilindi.

Suv omborlari atrofida turizm xizmatlarini tashkil etgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ham taqdim etildi. Ularga 2029-yil 1-oktabrga qadar yer va mol-mulk soliqlarining yarmini to‘lash, GPS, qutqaruv va xavfsizlik uskunalari uchun bojxona to‘lovlarini 120 kunga kechiktirish yoki bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish nazarda tutilmoqda. Ushbu hududlardagi yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘larni tashqi muhandislik tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirish taklif etildi.

Shuningdek, suv omborlarining texnik holati va xavfsiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Yigirma beshta suv ombori joyiga chiqib o‘rganilgan. Xavfli o‘zgarishlarni erta aniqlash uchun mahalliy ogohlantirish tizimlari, videokuzatuv, seysmologik uskunalar va raqamli nazorat vositalarini kengroq joriy etish choralari ko‘riladi.

Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari mas’ullarga qutqaruv xizmatining tezkorligini oshirish, suv omborlarida professional qutqaruv xizmatini yo‘lga qo‘yish va turizm obyektlarida xavfsizlik talablarini aniq belgilash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish