Aynur O‘z O‘zjan: O‘zbek tili rivoji turkiy tillarning jahon bo‘ylab qo‘llanish doirasini kengaytirmoqda
Oktabr 20, 2026. 16:00 • 2 daq
• 241
ANQARA, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Anqara universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi professori Aynur O‘z O‘zjan “Dunyo” AAga bergan intervyusida xalqimizni 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy qutladi.
– 2019-yilda O‘zbekistonga kelganimda ko‘p narsadan hayratlanganman. O‘sha safar davomida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashdim. O‘tgan davr mobaynida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi. Bularning barchasi mamlakat o‘zbek tilini rivojlantirish va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida uning qo‘llanish doirasini kengaytirishga qat’iy bel bog‘laganidan dalolat beradi.
Mazkur yo‘nalishdagi tashkilotlar bugungi kunda faol va samarali ish olib bormoqda. Kitoblar nashr etilmoqda, ilmiy simpoziumlar tashkil etilmoqda. O‘tgan yili men ham shunday tadbirlardan birida qatnashdim. An’anaga aylangan bunday anjumanlar o‘zbek tilini rivojlantirish hamda lingvistika va tilshunoslik sohasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi minbaridan turib o‘zbek tilida nutq so‘zlagani so‘nggi yillarda o‘zbek tilining nufuzi va unga bo‘lgan talab ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu ona tiliga, o‘zbek xalqiga bo‘lgan hurmat va muhabbat namunasidir. Buning men uchun alohida ahamiyati bor.
2020-yilda O‘zbek tili bayrami kuni ta’sis etildi. Men buni tilning maqomi va ahamiyati yuksalib borayotganini tasdiqlovchi eng muhim voqealardan biri deb bilaman.
E’tiborimni tortgan yana bir muhim omil – davlat ishlarining o‘zbek tilida yuritilayotganidir. Buning uchun tegishli kitoblar va lug‘atlar tayyorlandi. Bundan tashqari, fuqarolar davlat tilidan foydalanishga rag‘batlantirilmoqda.
Bularning barchasi nafaqat o‘zbek tilining rivojlanishi, balki turkiy tillarning butun dunyoda qo‘llanish doirasini kengaytirishda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi